Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida III Paraosiyo o‘yinlari davom etmoqda. Musobaqalarning ikkinchi kunida O‘zbekiston vakillari sportning yengil atletika, dzyudo, pauerlifting va suzish kabi turlarida 17 ta medal – 11 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza qo‘lga kiritishdi.

8 oktabr kuni tongida yengil atletikachilar - Kamolaxon Abdullayeva (uzunlikka sakrash, 4,71 m), Aleksandr Svechnikov (nayza uloqtirish, 67,92 m) va Sofiya Burxanova (yadro uloqtirish, 14,59 m) O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga navbatdagi oltin medallarni qo‘shib qo‘yishdi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi
Aleksandr Svechnikov  / Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Qayd etish lozimki, Kamolaxon Abdullayeva Paraosiyo o‘yinlarida ayollar o‘rtasida uzunlikka sakrash bo‘yicha chempionlikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik dastlabki sportchi bo‘ldi.

Kamolaxon Abdullayeva / Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Bugun gilamga chiqqan to‘rt nafar o‘zbekistonlik dzyudochining barchasi shohsupaga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi.

Erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda Sherzod Namozov (-60kg) va O‘tkir Nig‘matov (-66kg) oltin, ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda esa Lobar Hurramova (-48kg) kumush, Sevinch Sallayeva (-52kg) bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Sherzod Namozov / Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti