22 sentabr kuni Asensio tomonidan «Espanol» darvozasiga urilgan gol VAR yordamida hisobga olindi. O‘yinning 41-daqiqasi edi va shu gol o‘yinda yagonaligicha qolib, «Real»ga navbatdagi uch ochkoni olib keldi. Shundan keyin La Liga doirasida o‘tkazilgan 3 o‘yinda «Real» atigi bir ochko oldi, ikki marta mag‘lub bo‘ldi va bitta ham gol ura olmadi. Yevropa Chempionlar Ligasidagi Moskvaga tashrif ham golsiz yakunlanib, bu o‘yinda ham madridliklar 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchrashdi. Hammasini juda yaxshi boshlagan «Qirollik klubi»ga nima bo‘ldi?
Transfer bozoridagi passivlik

21 asrda «Oltin to‘p» olgan har qanday futbolchi borki, «Real»da o‘ynagan yoki madridliklar uni sotib olishga urinib ko‘rgan. Ouen, Zidan, Figu, Kaka, Ronaldu, Kannavaro... «Qirollik klubi» futbol osmonida eng yorqin porlagan yulduzni o‘z safiga qo‘shib olish bilan mashhur edi. Bu avvalo, mana shu qirollik maqomini namoyish qilishga qaratilgan harakat edi – eng yaxshi futbolchilar doim «Real» tomon talpinadi.
Krishtianu Ronalduning Madriddagi eng yorqin yillari ortda qolgandi, uning Turinga transferi narx nuqtai nazaridan eng maqbul paytda sotilgan bo‘lishi ham mumkin. «Real»ni bu transfer uchun hech kim ayblamadi, hatto jamoa muxlislari ham bu holatni to‘g‘ri tushunib, yangi davrning boshlanishi deb tushunishdi.
Ammo bilasizmi, buning uchun jamoa ichidan Ronaldu kabi ambitsiyalarga ega bo‘lgan yulduzning chaqnab chiqishi (xuddi «Barselona»da Messi Ronaldinoning o‘rnini bosganidek) yoki boshqa bir yosh yulduz sotib olinishi shart edi. Modrich, Kross, Beyl yoki Isko – juda kuchli futbolchilar, «Real» tarkibi hali-hamon Yevropada eng kuchlilardan biri bo‘lib qolmoqda, lekin bu futbolchilar o‘tgan mavsumda ham bor edilar-ku?
Go‘yoki, chiroyli bir tortning eng tepasidagi yarashib turgan naqshini olib tashlab, baribir bu tort o‘shanday chiroyliligacha qoldi, deyish xato bo‘lardi, menimcha. Davrlar o‘zgarishi ko‘proq ruhiyat bilan ham bog‘liq, futbolchilarda, muxlislarda, umuman jamoatchilikda Ronalduning bir yilda 50ga yaqin uradigan gollari aynan nimaning hisobiga to‘ldirilishi kerakligini hamma his qilishi kerak.
Eden Azar, Kilian Mbappe, Harri Keyn, Muhammad Saloh – kimdur ko‘proq, kimdir kamroq, bu yulduzlarning ismi «Real» bilan birga tilga olindi so‘nggi yillarda. Ayniqsa, Ronalduning ketishidan so‘ng, Peres shubhasiz biror yirik transferni amalga oshirishiga hamma ishonib turgandi. Ammo kutilmaganda, Peres o‘zini ancha sokin tutmoqda. Har yili bittadan yuz millionlik transferni amalga oshirayotgan «Barselona» va Asensio, Sabalos, Vaskes kabi yoshlarga tayanayotgan «Real» almashib qolgandek...


















