10 oktabr kuni o‘zbekistonlik sportchilar Paraosiyo o‘yinlarida to‘rtinchi kungi bahslarda ishtiroklarini o‘tkazishdi.
Dzyudo
Bugungi bahslarda 5 nafar dzyudochi o‘z omadini sinab ko‘rdi va ulardan ikki nafari oltin medal, bir nafari kumush medal va yana ikki nafari bronza medal oldi.
Kunning birinchi yarmida -70 kg vazn toifasidagi O‘zbekiston vakili Vasila Aliboyeva finalda hindistonlik raqibini mag‘lubiyatga uchratib, yigirmanchi oltin medalni delegatsiya hisobiga qo‘shib qo‘ygandi.

Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti
Kunning ikkinchi yarmida +70 kg vazn toifasida Feruza Yusupova uchinchi o‘rin uchun jangda hindistonlik sportchini mag‘lubiyatga uchratdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi.
-100 kg vazn toifasidagi Sharif Xalilov ham bronza uchun gilamga chiqib, mo‘g‘ulistonlik sportchini mag‘lub etdi.

Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti
-90 kg vazn toifasida final bahsida qatnashgan Shuhrat Boboyev eronlik raqibiga imkoniyatni boy berdi va kumush medal bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.

Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti
+100 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Shirin Sharipov finalda eronlik raqibga qarshi jang qildi va g‘alaba qozondi va delegatsiya hisobiga 21-oltin medalni olib berdi.



















