O‘zbekiston | 10:34 / 11.10.2018
12046
4 daqiqa o‘qiladi

Yer uchastkalari olib qo‘yilishi tufayli yetkazilgan zararni qoplash jamg‘armalari tashkil etiladi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armalarni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasi mablag‘larining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda Vazirlar Mahkamasining davlat hamda jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armasi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zaxira jamg‘armalari mablag‘larining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat hamda jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armalari shakllantirilishi mumkin.

Respublika jamg‘armasining shakllantirish manbalari Respublika byudjyeti va respublika byudjyetining qo‘shimcha manbalari mablag‘lari, Hududiy jamg‘armalarning shakllantirish manbalari esa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjyeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjyetlarining qo‘shimcha manbalari mablag‘lari hisoblanadi.

Respublika va Hududiy jamg‘armalardan mablag‘ ajratish bo‘yicha respublika Kuzatuv kengashi va hududiy Kuzatuv kengashlar tarkibi tasdiqlanishi mumkin.

Hududlarda davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishini hududiy Kuzatuv kengashlari bilan majburiy tarzda kelishilishi belgilab qo‘yiladi.

Respublika va Hududiy jamg‘armalar yuridik shaxs tuzmasdan tashkil etiladi hamda ularning mablag‘lari shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida jamlanadi.

Respublika va Hududiy jamg‘armalar mablag‘lari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari orqali davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash uchun sarflanadi.

Bunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tashabbusi bilan davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi bilan bog‘liq bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash Hududiy jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi bilan bog‘liq bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash Respublika va Hududiy jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan tegishliligi bo‘yicha respublika Kuzatuv kengashi va hududiy Kuzatuv kengashlari taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining farmoyishlari asosida ajratiladi.

Respublika Kuzatuv kengashi va hududiy Kuzatuv kengashlarining taqdimnomalarini tayyorlash, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va ularni saqlash mazkur kengashlarning ishchi organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid