O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Davlat mulki obektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub'yektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (Davlat raqobat qo‘mitasi), Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi (“Davergeodezkadastr” qo‘mitasi), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlariga quyidagi huquqlarni berishni nazarda tutuvchi davlat mulki obektlari va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha eksperiment o‘tkazish haqidagi takliflari ma'qullandi:
a) o‘z vakolati doirasida (jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashi qarorlariga asosan), bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini ularni baholamasdan, 1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narxda “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarish orqali investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda o‘rnatilgan tartibda sotish;
b) o‘z vakolatlari doirasida investiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun auksion o‘tkazmasdan, investor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali investitsiyaviy (kamida 1 million AQSh dollari ekvivalentida) va ijtimoiy majburiyatlar belgilagan holda yer uchastkalarini berish va bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini sotish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish. Bunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlarining mazkur masaladagi qarorlari dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlarida ko‘rib chiqilishi hamda tasdiqlanishi lozim;
v) “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarish uchun yer uchastkalarining joylashgan hududidan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi va viloyat hokimliklarining moliya bosh boshqarmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar davlat soliq boshqarmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalarining tavsiyalariga asosan, har bir tuman bo‘yicha bo‘sh yer uchastkalaridan foydalanish huquqining (0,01 ga maydoni uchun) boshlang‘ich bahosini har chorakda tasdiqlash;















