Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Jinoyat-ijroiya qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan quyidagilar jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari va vazifalari etib belgilanadi:
jinoyat-ijroiya qonunchiligi normalarini unifikatsiya qilish, tizimlashtirish va uyg‘unlashtirish;
mahkumlarning huquqlariga so‘zsiz rioya etilishini, ularning sha'ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta'minlash mexanizmlarini takomillashtirish;
mahkumlarda qonun talablariga va jamiyatdagi xulq-atvor qoidalariga rioya etish madaniyatini, bilim va ma'naviy-axloqiy saviyasini oshirishga intilishni shakllantirishga qaratilgan qayta tarbiyalash va axloqan tuzatish tizimini takomillashtirish;
mehnat bozorida talabga ega bo‘lgan kasblar bo‘yicha asosiy hunar va umumta'lim dasturlarini amalga oshirish doirasida mahkumlarni, xususan voyaga yetmagan va ma'lumotga ega bo‘lmaganlarni kasbiy tayyorlash va ularning bandligini ta'minlash tizimini takomillashtirish;
ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar ijrosi uchun mas'ul hisoblangan probatsiya xizmati faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali mazkur jazo turlariga hukm qilingan, shu jumladan shartli hukm qilingan mahkumlarni qayta tarbiyalash, ularning huquqlarini ta'minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish;
fuqarolar bilan ularni jazoni ijro etish sohasida tashvishga solayotgan muammolarni hal etishda samarali muloqot o‘rnatish, jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy moslashuvini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan uzviy hamkorlikni ta'minlash;
jazoni ijro etish muassasalarida, shu jumladan manzil koloniyalarda jazoni o‘tash tartibini takomillashtirish, voyaga yetmagan mahkumlarga nisbatan jazoni ijro etish tizimini tubdan yaxshilash;
jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlarining ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini rivojlantirish orqali mahkumlarning ish bilan bandlik darajasini yanada oshirish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlarning moddiy-texnika ta'minotiga bo‘lgan ehtiyojini jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlarida ishlab chiqariladigan mahsulotlar hisobiga qondirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;









