Farovon va to‘kis hayot kechirish uchun har bir inson, har bir fuqaro o‘z kuchini va vaqtini safarbar etadi. Lekin, jamiyatda shunday muammolar borki, bir fuqaroning o‘zi bu muammolarni hal qila olmaydi.

Sayt ijodiy guruhi navbatdagi murojaat izidan Toshkent shahar Shayxontohur tumaniga yo‘l oldi. Bu safar murojaat odatdagi kabi ko‘pqavatli uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan uy-joy shirkatlari ustidan emasdi. Bu safar murojaatchi shirkatning o‘zi edi.

«Ozod Vatan kommunalchi» uy-joy shirkati rahbari Nilufar Umarova ushbu tumandagi «Charxnovza» mahallasida ro‘y berayotgan taajjubli ishlar haqida so‘zlab berdi. 

«Men shirkat rahbari sifatida 2013 yildan beri ishlab kelaman. Hududimda 22ta ko‘pqavatli uylar bor. Bu yil bizning mahalla «Obod mahalla» dasturiga tushgan edi. May oyidan bu dasturga tayyorgarlik olib borildi. Ushbu dastur bo‘yicha tom qismlari ham yangilanib, tunuka bilan qoplanishi lozim edi. Shirkatga tegishli uylarning tom qismini o‘tgan yili yumshoq qoplama bilan qoplagan edik. Buning uchun kredit olib to‘lab kelayotgandik. Ammo, hokimiyat vakillari dastur bo‘yicha qoplama temir tunukaga almashtirilishi lozimligini aytishdi. Qolaversa, tomni qurish boshlanganidan so‘ng bizga bu bo‘yicha mablag‘ni kredit asosida shirkat to‘lashi lozim, deyishdi. Bu biz uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Shundan keyin kredit oldik. Hokimiyat pudratchi sifatida «Kosogoron Innovatsion qurilish» MChJni taklif qildi. Shundan beri oradan 3-4 oy o‘tdi. Bu orada hududimizga davlat rahbari ham tashrif buyurdi. Ishlar qilinmadi demayman. 14ta uydan 10tasining tomi yopildi. Lekin, 4ta uy hamon ochiq holatda. Yaqinda yomg‘ir mavsumi boshlanadi. Dodimizni kimga aytishni bilmaymiz», - deydi alamzada shirkat rahbari.

Vaziyat juda chigal holatda edi. Bir tarafdan kreditni to‘lash kerak, boshqa tarafdan tom hali yopilmagan. Aholi esa norozi, axir ular to‘lov qilishmoqda. To‘lov nima uchun – tayyor tomni ochib, chala qoldirib ketishgani uchunmi?

Aholi bilan uchrashuvda vaziyat yanada chigallashdi. Barchaning ko‘zida hadik edi. Odamlar osmonga xavotir bilan tikilishardi. Osmonni qora bulut to‘ldirib kelardi.

Avvaliga aholi jurnalistlarni hukumat vakillari deb o‘ylashdi va savollar yog‘dirishdi: «Bu tomi bitmagan 4ta uy boshqalaridan nimasi bilan farq qiladi?», «Nega biz tomsiz qoldik?», «Bu ishlar qachon oxiriga yetkaziladi?».