O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
Qayd etilishicha, shoshilinch yordamga muhtoj har bir kishiga yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni o‘z vaqtida ko‘rsatish tez tibbiy yordam xizmatining ustuvor vazifasi deb hisoblanadi.
Tez tibbiy yordam xizmatini rivojlantirishga amaliy ko‘maklashish va uning moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.
Quyidagilar 2019 yil 1 yanvardan boshlab Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilandi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetiga tushadigan mablag‘larni 29 foizdan 10 foizga kamaytirgan holda, mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan to‘lov summasining 19 foizi;
xalqaro va xorijiy moliya institutlarining, hukumat va nohukumat tashkilotlarning grantlari va texnik ko‘mak mablag‘lari;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini joylashtirishdan tushgan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining xayriya mablag‘lari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.
Jamg‘armaning mablag‘lari quyidagilarga sarflanishi belgilab qo‘yildi:
tez tibbiy yordam xizmatining maxsus avtotransportini xarid qilish va transport parkini o‘z vaqtida yangilash, shuningdek, ularni zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash, ehtiyot qismlar va sarflanadigan materiallarni xarid qilish;
tez tibbiy yordam xizmatining xodimlarini o‘qitish, malakasini oshirish va amaliyot o‘tashini, shu jumladan, xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot, ta'lim va boshqa muassasalarida amaliyot o‘tashini tashkil etish;
tez tibbiy yordam xizmati xodimlariga ustamalar, mukofot pullari va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni to‘lash;















