22—26 oktabr kunlari «O‘zekspomarkaz»da xorijiy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsion fondlar, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes inkubatorlarning faol ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan «INNOWEEK» innovatsion g‘oyalar haftaligi bo‘lib o‘tadi.
Bugun, 22 oktabr kuni haftalik yuzasidan tashkilotchilar va OAV vakillari ishtirokida Yoshlar press klubida press-brifing o‘tkazildi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.
Shu kuni jurnalistlarga vazirlik tomonidan Toshkent shahridagi innovatsion infratuzilmalar bo‘ylab (Genomika va bioinformatika markazi, D.M.S. innovatsion klinikasi, Ilg‘or texnologiyalar markazi, «Avtosanoat» innovatsion markazi) ekskursiya tashkil etildi.



Ertaga, 23 oktabr kuni Xalqaro innovatsion yarmarkaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Bosh vazir o‘rinbosari Suxrob Xolmuradov, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, chet el davlatlarining O‘zbekistondagi elchixonalarining vakillari, ishbilarmonlar va investorlar ishtirok etishi rejalashtirilgan.
"Ishtirokchilar Xalqaro innovatsion yarmarka eksponatlari bilan yaqindan tanishib olganlaridan so‘ng Xalqaro innovatsion-investitsion forumning ochilish marosimini boshlab berishadi. Mazkur forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari S. Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov, BMT ning doimiy koordinatori va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakili Xelena Freyzer, Turboden S.p.A. (Italiya) kompaniya direktori Marko Barezi, O‘zbekistondagi xalqaro hamkorlik agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Muneo Takasaka, «Systematic inventive thinking» kompaniyasining ustuvor yo‘nalishlarni izlash va innovatsiyalar departamenti boshlig‘i Mishel Asiyag, O‘zbekistonda xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati vakolatxonasining boshlig‘i Yorg Pudelka va boshqalar prezidium ishtirokchilari sifatida chiqish qiladi", deydi vazirlik rasmiy vakili.


















