So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida o‘z ota-onasiga qo‘l ko‘targan yoki ularning qotiliga aylangan noqobil farzandlar haqidagi xabarlar ham ko‘zga tashlanmoqda. Bunday voqealar insonman, degan har qanday kishining yuragini larzaga solishi tabiiy.
Oramizda ota-onasiga qo‘l ko‘taradigan darajadagi kimsalar ham uchrayotganligini ko‘rib, beixtiyor «tavba» deydi, kishi. Xalqimizda «Qilmish-qidirmish», degan naql bor. Albatta, bu dunyo — qaytar dunyodir. Kim nimani eksa, shuni o‘radi. Ota-onasini xo‘rlagan inson ro‘shnolik ko‘rmaydi.
Shu haqida o‘ylaganimda, o‘zim guvoh bo‘lgan bir voqea doim yodimga tushadi.
Har gal shahardan qishlog‘imga borganimda otamning qabrini ziyorat qilish odatimni kanda qilmayman. Bir safar qishloqqa kelgan kunimning ertasiga saharlab qabristonga yo‘l oldim.
Yetib borganimda quyosh endigina bosh ko‘tarayotgan edi. Qabriston qorovuli shu atrofda ekan. Bu yerga kelganimda doim shu qorovul Soliboy ota bilan birga qabrlarni ziyorat qilamiz.
— Assalomu alaykum, ota.
— Vaalaykum assalom, kel o‘g‘lim, — Soliboy ota meni ko‘rishi bilan yonimga oshiqdi. — Shahardan qachon kelding?
— Kecha keldim. Bugun bu yoqlarni bir ziyorat qilib ketay, degandim.
Soliboy ota bilan birga qabrlarni ziyorat qildik. Ota Qur'on tilovat qilib bo‘lgach, meni yolg‘iz qoldirib, o‘zi tashqariga chiqib ketdi. Har gal u shunday qiladi. Bir ozdan keyin men ham tashqariga yo‘l oldim. Yo‘l-yo‘lakay yangi qabr e'tiborimni tortdi. Hali kelayotib e'tibor qilmagan ekanman.
Ketar chog‘imda otadan qabr haqida so‘radim.
— Ota, yangi qabrga ko‘zim tushdi, qishloqda yaqin kunlarda biror kishi olamdan o‘tganmidi?
Soliboy ota bir zum jim qolib, so‘ngra og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi.
— Bu Shodiqulning qabri. Bilasan, ancha yil avval uyiga mast holda kelib, nasihat qilgan otasiga qo‘l ko‘tarib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Bir oycha bo‘ldi, o‘zi ham shu ichkilik tufayli olamdan o‘tdi.
Voqeadan xabarim bor edi. Lekin Shodiqulning vafot etganini endi otadan eshitib turgandim.
Ota so‘zidan davom etdi:
— Bilmadim, biror sabab bilan uning qabri cho‘kib ketardi yoki yana tag‘in nimadir bo‘lardi. Dastlab o‘zim u yoq, buyog‘ini to‘g‘rilab qo‘yardim. Keyin yaqinlariga xabar qildim. Qabri suv chiqadigan joydan kavlangan ekan, deyishib mulla olib kelib o‘qitdi va mayitni uch kun oldin otasi qabri yoniga qo‘yishdi. Sen ko‘rganing o‘shaning qabri.















