Farzand — mehr-muhabbat mevasi, oilaning ziynatidir. Ularning qadami uzra umrimizga ma'no-mazmun, hayotimizga ziyo taraladi.
Daun sindromi... Kelib chiqishi bo‘yicha aniq bir sabab mavjud bo‘lmagan kasallik. Kasallik hujayralarning bo‘linish jarayonidagi tasodifiy buzilishi natijasida kelib chiqishi aniqlangan. Demak bolaning ushbu sindrom bilan tug‘ilishida hech kim aybdor emas. Ammo shunga qaramay, aksariyat holatlarda oilada kasallangan bolaning tug‘ilishi bir-birini ayblash, qiyinchiliklarga dosh bera olmaslik oqibatida, ayniqsa, erkaklarning oilani tashlab ketish holatlari ko‘plab kuzatiladi. Oila – jamiyatning negizi, sog‘lom bola esa eng katta boylikdir. O‘zbekistonda ushbu kasallikka qarshi kurashish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 24 oktabr kuni “Yoshlar ijod saroyi”da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi hamda “Bilimdon” nodavlat ta'lim muassasasi bilan hamkorlikda “Dunyo — quyosh bolalari nigohida!” shiori ostidagi mahorat darslari tashkil etildi. Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Respublika skrining markazi hamda Daun Sindiromi Amerika Milliy Jamiyati vakillari ishtirok etdi. Tadbir 26 oktabrga qadar davom etadi.
Oktyabr — Daun sindromi bilan tug‘ilgan bolalar bilan ishlash oyligi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bosh mutaxassisi Hayotbek Qosimov oktabr oyi – Daun sindromi bilan tug‘ilgan bolalar bilan ishlash, ularning oilasi, turmush tarzi bilan yaqindan tanishish oyligi ekanligi, shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda 3 kunlik maxsus o‘quv-seminarlar tashkil etilganligini ma'lum qildi. Tadbirda kasallikning kelib chiqishi, uning belgilari va davolash profilaktikasi doirasida ikki nufuzli davlat o‘rtasidagi tajriba almashinuvi va muzokaralar olib borilishini ta'kidladi.
Maxsus treninglar davomida Respublika skrining markazi vakillari “Quyoshli xromosoma” mavzuida o‘z taqdimotlarini namoyish qildi. Ishtirokchilar uchun o‘tkazilgan mahorat darslarida “Daun sindromi”ning kelib chiqish sabablari va ushbu sindrom bilan tug‘ilgan bolalar bilan ishlash tizimi hamda “Daun sindromli” bolalarning erta rivojlanishi uchun kerakli amallar to‘g‘risida to‘xtaldi.
Daun sindromiga chalinganlar uchun ta'lim muassasasi bormi?
— Daun sindromi bilan tug‘ilgan bolalarda boshqa bolalarga nisbatan aqliy va jismoniy ortda qolish kuzatiladi. Ular o‘z oila a'zolariga o‘xshagani bilan yuz tuzilishi jihatidan hammadan ajralib turadi. Kasallikni davolab bo‘lmasa-da, Daun sindromi bilan tug‘ilgan bolaga maxsus jismoniy va aqliy muolajalarni o‘tkazib, uning rivojlanishini yaxshilash, jamiyatda o‘z o‘rni bo‘lishi uchun imkoniyat yaratib berish mumkin deydi, —“Bilimdon” nodavlat ta'lim muassasasi logoped-defektologi Muhayyo Saidova. — Ayni shu kasallik bilan tug‘ilgan bolalarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish maqsadida «Bilimdon» nodavlat ta'lim muassasasi tashkil etilgan. Bugungi kunda mazkur muassasa Daun sindromiga ega bo‘lgan bolalar bilan muntazam ravishda faoliyat olib boradi. Bizda chaqaloqlikdan boshlab 7-8 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar to‘lov asosida qabul qilinadi.








