Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimini joriy qilish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan Yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.
Belgilab qo‘yilishicha:
2020 yilning 1 yanvaridan boshlab milliy haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan fuqarolarning yo‘l harakati qoidalariga amal qilishini har yilda 12 (o‘n ikki) ball asosida baholab boriladi;
milliy haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan fuqarolar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik holati yil boshidan shu yilning yakuniga qadar berilgan 12 balldan ayirib tashlash orqali hisoblanadi;
haydovchi tomonidan yil mobaynida (1 yanvardan 31 dekabrga qadar) berilgan 12 bal 0 va undan past bo‘lganda, haydovchi qo‘shimcha imtihondan o‘tkaziladi;
haydovchi qo‘shimcha imtihondan o‘tgan taqdirda, yil yakuniga unga bir marotaba qo‘shimcha 3 ball beriladi;
yil yakuniga qadar berilgan ball sarflagan, shuningdek qo‘shimcha imtihonni topshira olmagan, haydovchilar sud tomonidan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi;
milliy haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan fuqarolarga beriladigan 12 ball faqat bir yil mobaynida, ya'ni yilning 1 yanvaridan 31 dekabriga qadar bo‘lgan davriga qadar amal qiladi hamda saqlanib qolgan ballning keyingi yilga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
istisno tariqasida, yil mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzmagan haydovchilarga, rag‘batlantirish tariqasida, keyingi yil uchun imtiyozli 6 ball beriladi (qo‘shimcha 6 ball faqat yil yakuni bo‘yicha yo‘l harakati qoidalarini buzmagan haydovchilarga berilib, faqat bir yilning natijasiga ko‘ra keyingi yilda beriladigan 12 ballga qo‘shiladi);
yil mobaynida milliy haydovchilik guvohnomasiga ega fuqarolarning yo‘l harakati qoidalarini jarima balli asosida baholash yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash borasidagi qo‘shimcha chora hisoblanib, haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun 12 balldan ayrilgan jarima ballari yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun haydovchini qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asosiy jazo (jarima)dan ozod etilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda jarima ballari sarf qilib bo‘lgan haydovchilardan yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha imtihon topshirishda to‘lanadigan to‘lovlar ichki ishlar vazirligining byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobiga o‘tkaziladi.
















