«Kun.uz» muxbiri oktabr oyi boshida, Yevropaga safari davomida RFE/RL «Ozodlik» radiosi o‘zbek xizmati bosh muharriri Sarvar Usmon bilan suhbat uyushtirdi.

U radio faoliyati, O‘zbekistondagi so‘z erkinligi holati, mahalliy nashrlar haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

Youtube`da ko‘rish

Mover`da ko‘rish (tas-ix)

 ​«Ozodlik» radiosi qanday nashr, u qanday tashkil topgan va radioning maqsadlari nimalardan iborat? 

— Radioning hayoti boshqalar uchun qorong‘i emas, ozodlikchilarning hayoti har kuni saytimizda, efirimizda, ijtimoiy tarmoqlarda aks etib turibdi. «Ozodlik»ni o‘qiydigan, ko‘radigan va tinglaydiganlar uchun bu - qorong‘i emas. O‘quvchilar har kuni «Ozodlik» orqali O‘zbekiston hayoti yoritilishi, demakki, radioning o‘zi ham yorug‘ ekanini kuzatib turibdi. 

«Ozodlik» haqida uzoq gapirishi mumkin, radio tarixi 60 yilning uyog‘ida... Gapni, balki 17 yildan boshlashga to‘g‘ri kelar, menimcha bu suhbatimiz formatiga ham sig‘masa kerak. Hech kimga sir emas: SSSR davrida, G‘arb bilan Sotsialistik lager o‘rtasida kechayotgan «Sovuq urush» davrida radio faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 

Hanuz ishlab kelyapti. SSSR tarqab ketgach, radio hayotini hal qilishi mumkin bo‘lgan arboblar uni yopish haqida gapirgan. Radio Myunxendan Pragaga ko‘chdi. «Ozodlik» o‘zi eshittirish olib borishi nazarda tutilgan davlatlarda demokratik qadriyatlarni yoyish uchun, ularni ustuvor bo‘lishga hissa qo‘shib kelayotgan radiodir. U 20dan ortiq tilda eshittirishlarini olib boradi. 

Ilgari faqatgina radio edi, axborot texnologiyalari rivojlanishi bilan  media korporatsiyasiga aylandi. Hatto, 6-7 yil avval ham, saytimiz unchalik rivojlangan emasdi. Hozir katta e'tiborni saytimizga qaratganmiz, efir ham saqlanib qolgan, albatta. Juda ko‘p platformalarda ishlashga harakat qilyapmiz. 

Bizni kuzatadigan asosiy auditoriyamiz O‘zbekistonda va o‘rganish obektimiz ham O‘zbekiston hisoblanadi. Mahalliy nashrlar ulgurmay qolayotgan, balki jur'ati yetolmayotgan mavzularni biz yoritishga harakat qilyapmiz.