O‘zbekiston | 08:34 / 31.10.2018
124751
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev: oyliklarni inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirish siyosatini davom ettirish kerak

Prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatga byudjyetdan to‘lanadigan oylik, pensiya va nafaqalarni inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirish siyosatini davom ettirish haqida topshiriq berdi.

“Kelgusi yil ham byudjyetdan to‘lanadigan oylik, pensiya va nafaqalarni inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirish siyosatini davom ettirishimiz kerak. Bunda oylik maoshining o‘sishi nisbatan past bo‘lgan ijtimoiy soha xodimlariga asosiy e'tibor qaratish, jumladan, tibbiyot xodimlarining oyligini 26,5 foizga, oliy ta'lim va fan muassasalari xodimlari ish haqini 1,5 barobarga oshirish zarur”, – dedi davlat rahbari.

2019 yilgi byudjyetning xarajatlar qismi muhokama qilinar ekan, prezident uni asosan ijtimoiy va iqtisodiy sohalarga yo‘naltirish zarurligini ta'kidladi.  

Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, ijtimoiy nafaqalar uchun mablag‘lar hajmini 20 foizga ko‘paytirish, umuman, oylik va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning davlat byudjyeti xarajatidagi ulushini 49 foizdan 54 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. 

2019 yilgi Byudjyetnomani, shuningdek, soliq siyosatidagi o‘zgarishlar bo‘yicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqib, yaqin vaqt ichida Oliy Majlisga taqdim etish vazifasi qo‘yildi. 

Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashning soddalashtirilgan mexanizmini joriy etish, mavjud imtiyozlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, optimizatsiya qilish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi. 

Qabul qilingan davlat dasturlarini amalga oshirish masalalariga ham e'tibor qaratildi. Buning uchun imtiyozli shartlarda xorijiy mablag‘larni jalb etish, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida ta'mirlanadigan obektlarni aniq shakllantirib, 2019 yilgi Investitsiya dasturiga kiritish zarurligi qayd etildi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank narxlar o‘sishining asosiy sabablari haqida ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid