27 oktabr kuni vertolyot halokati oqibatida halok bo‘lgan 60 yoshli Vichay Shrivaddanaprabxa Tailandning eng boy kishilari beshligidan o‘rin olgan biznesmen, mamlakatdagi King Power duty-free do‘konlar tarmog‘i egasi edi. 2016 yilda Forbes uning boyligi miqdorini 3,2 milliard dollar deb baholagan.
Vichay 2013 yilga qadar Raksriaksorn familiyasi bilan yurgan. Shrivaddanaprabxa familiyasi uning oilasiga Tailand qiroli tomonidan tuhfa etilgan. Mahalliy odatlarga ko‘ra, qirol mamlakatda yuksak muvaffaqiyatlarga erishgan fuqarolarga faxriy familiyalarni sovg‘a qiladi. “Shrivaddanaprabxa” so‘zi “uzoq davrlik muvaffaqiyatga erishgan oila” ma'nosini bildiradi.
Tailandlik milliarder 2010 yilda King Power “Lester” klubining faxriy homiysiga aylanganidan so‘ng klubni Milan Mandarichdan sotib olgandi.
Dastlab Vichay London klubini xarid qilmoqchi bo‘lgan. Ammo uning o‘g‘li Ayavattning xotirlashicha, otasi “Lester”ning uy uchrashuvida bir marta bo‘lganidan so‘ng uni sotib olishga qaror qilgan. Bu qarorga kelish uchun unga 30 daqiqa kifoya qilgan.

Vichay davrida “Lester” Osiyo bozorida faol ildamlay boshladi. Klub atributikalari Tailanddagi aeroportlar va Shrivadanaprabxnaga qarashli barcha do‘konlarda sotila boshladi.
Qayd qilishlaricha, futbol “Lester” prezidenti qiziqqan asosiy sport turi emasdi. Vichay Shrivaddanaprabxa ot polosining ashaddiy ishqibozi bo‘lgan. U pologa Angliyada bo‘lgan davrida qiziqib qolgan. Tailandga qaytganidan so‘ng Vichay yer sotib olib, Bangkokda polo-klub tashkil qiladi. Bu unga kamdek tuyuladi. Shundan so‘ng milliarder Tailand ot polosi assotsiatsiyasiga asos soladi. Uning kompaniyasi homiylik qiladigan King Power Foxes jamoasi 2015 yilda Angliyadagi bir nechta musobaqalarda g‘olib chiqadi.


Vichay Shrivaddanaprabxaning futbol uchrashuvlaridan so‘ng stadionni vertolyotda tark etishi dastlab angliyaliklarni hayratlantirgandi. 2015 yil dekabrda “Chelsi” “Lester” mehmoni bo‘lgan, o‘yindan so‘ng stadion suxandoni vertolyot qo‘nishi uchun maydonni tark etishni so‘rab murojaat qilganida stadiondagi barcha hayron qolgandi. Maydon o‘rtasiga qo‘ngan vertolyotda “Lester” logotipi yaraqlab turardi.





















