Milliy olimpiya qo‘mitasida 2018 yilgi yirik sport anjumanlari yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasining Jismoniy tarbiya va sport ishlari sho‘'basi rasmiylari, Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Sharifjon Mo‘minjonov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov, shuningdek, sport federatsiyalari vakillari va murabbiylar ishtirok etdi.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda qo‘mita departament mudiri Akrom Nizomiddinov Indoneziyada o‘tkazilgan XVIII Osiyo o‘yinlari va Argentina mezbonlik qilgan III o‘smirlar Olimpiadasida qator yutuqlar qo‘lga kiritilishi barobarida yetarlicha kamchiliklar ham ko‘zga tashlanganini ta'kidlab, har bir sport turidagi natijalarga navbatma-navbat to‘xtalib o‘tdi, yo‘l qo‘yilgan xatolar bo‘yicha tegishli federatsiyalardan izoh so‘radi.

Xususan, erkin va yunon-rum kurashi federatsiyasi mutasaddilari Osiyo o‘yinlari oldidan kuchli jamoalar ishtirokidagi xalqaro turnirlarga borilmagani, sportchilarni vitaminlar bilan ta'minlash to‘liq bo‘lmagani, natijada kurashchilarning allergiyaga moyilligi ortgani natijalarga ta'sir ko‘rsatganini bildirdi. Javob tariqasida MOQ rahbariyati terma jamoa so‘ralgan barcha musobaqalarga yuborilgani, federatsiyalar faqat doimiy natija ko‘rsatib kelayotgan asosiy sportchilarga e'tibor qaratish bilangina cheklanib qolmasligi kerakligini aytdi.

Akademik eshkak eshishdagi muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydigan ko‘rsatkichlar uchun mas'ul federatsiya vakillari Osiyo o‘yinlarining boshqa ishtirokchilari bilan sharoitlar teng bo‘lmagani, aniqrog‘i, eshkak eshuvchilar yetarlicha sifatdagi qayiqlardan foydalana olmaganini sabab o‘laroq keltirib o‘tdi. Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi bu gaplar «o‘ylab topilgan afsona» ekanini, qayiqlarning yaxshi-yomoni bo‘lmasligi, ular belgilangan xalqaro standartlarga mos bo‘lishini ta'kidladi. 

Shu asnoda, yig‘ilishda olimpiya tasnifidagi boshqa sport turlaridagi natijalar ham muhokama etildi. Unda bir nechta sport federatsiyalari tomonidan inventarlar yetishmasligi, borlari ham eskirgani borasidagi muammolar tilga olindi. Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari bu masalalar hozir faqat bahona sifatida ko‘tarilayotgani, bunga qadar esa ayni yo‘nalishdagi muammolar haqida sukut saqlanganini iddao qildi.