O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Surxondaryo viloyati hokimligining Termiz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini tashkil etish hamda ushbu festivalni birinchi marta 2019 yilning 5-10 aprel kunlari o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.
Xalqaro baxshichilik san'ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom;
Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini 2019 yilda o‘tkazish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Tashkiliy qo‘mitaga (A.Aripov):
Festivalni o‘tkazish bo‘yicha belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash;
Festival sovrindorlariga topshiriladigan diplom, sertifikat, haykalchalar namunalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etish vazifalari yuklandi.
Surxondaryo viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha mas'ul etib belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Festivalga xorijiy davlatlardan taniqli folklorshunos olimlar, baxshi, shoir, oqin va jirovlar, ijodiy jamoalar, ommaviy axborot vositalari vakillari va faxriy mehmonlarni taklif etishda Madaniyat vazirligiga amaliy yordam ko‘rsatadi;
Festivalga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun Madaniyat vazirligining buyurtmanomalariga binoan, O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizalarining belgilangan tartibda konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta'minlaydi.
Madaniyat vazirligi Festivalning tantanali ochilish marosimini har tomonlama puxta va badiiy jihatdan betakror usulda tayyorlash uchun yuksak professional mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste'dodli yosh san'atkorlarni keng jalb etadi.

















