2019 yili O‘zbekistonda byudjyet tashkilotlarining ish haqlari, pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar va stipendiyalar inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshiriladi. Bu haqda 2019 yilgi davlat byudjyeti parametrlariga doir ma'lumotnomada so‘z yuritilgan. Unda davlat byudjyetining 2019 yilgi asosiy yo‘nalishlariga ham oydinlik kiritilgan.
Quyida ular bilan tanishib olishingiz mumkin.
I. Byudjyet siyosatining 2019 yilgi asosiy yo‘nalishlari:
1. Ish haqi va boshqa to‘lovlar bo‘yicha byudjyet siyosati:
- 2019 yilda byudjyet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar va stipendiyalar miqdorini har yarim yilda o‘tgan davrdagi inflyatsiya darajasidan past bo‘lmagan miqdorlarda oshirish;
- ayrim byudjyet tashkilotlari xodimlarining, shu jumladan tibbiyot xodimlarining ish haqi miqdorini differensial tarzda oshirish tadbirlarini davom ettirish.
2. Mahalliy byudjyetlarning mustaqilligini oshirish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:
- yuqori byudjyetdan quyi byudjyetga bosqichma-bosqich mahalliy ahamiyatga molik xarajatlarni moliyalashtirish vakolatini berish;
- 2021 yildan boshlab mahalliy byudjyetga qoldiriladigan soliqlar bo‘yicha ajratmalar normativlarini birxillashtirish va o‘rnatilgan normativlarni daromadlarning baza yilidagi ijrosi natijasidan qat'iy nazar 3 yilga biriktirish (pasaytirish huquqisiz);
- 2020 yilning oxirigacha maqsadli transfertlar ajratish qoidalari va metodikasini takomillashtirish.
Keyingi yilda Davlat byudjyeti daromadlari 102,6 trln so‘mni, xarajatlari 107,1 trln so‘mni tashkil etishi rejalashtirilmoqda. Byudjyet taqchilligi 4,3 trln so‘m, yoki YaIMga nisbatan 1,1 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Ⅱ. Ijtimoiy xarajatlarga 2019 yilda 57 822,3 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu 2017 yilga nisbatan 34,4 foizga ko‘p demakdir. Bunda:
a) maktabgacha ta'lim muassasalarini moliyalashtirishga 2017 yilgi tasdiqlangan parametrlarga nisbatan 50,9 foizga ko‘p yoki 4 021,6 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi;
b) umumiy ta'lim xarajatlari 17,1 trln so‘mni tashkil etadi yoki 2017 yilga nisbatan 42,5 foizga ko‘pdir.














