«Kun.uz» tahririyatiga Xorazm viloyati, Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi hamyurtlarimizdan murojaat tushdi. Unda Markaziy Dehqon bozori abgor ahvolda ekani, sotuvchi va xaridorlar uchun sharoit yo‘qligi, natijada bu barchaga noqulayliklar keltirib chiqarayotgani yozilgan edi. Vaziyatni o‘rganish uchun Xonqa tumani markazidagi dehqon bozoriga bordik.

Xonqa dehqon bozori tuman markazida joylashgan bo‘lib, 470ta o‘ringa mo‘ljallangan. «Xonqa dehqon bozori» MChJ rahbari o‘rinbosari Davlatboy Yusupovning ma'lumotiga ko‘ra, bozor asosan yakshanba kuni faoliyat ko‘rsatadi.

Bozorga kiraverishda, darvoza oldidagi joyni duradgorlar va mebelsozlar egallab olgan. Ular mebel, oyna va eshiklarini nafaqat piyodalar yo‘lagida, balki maysa ekilgan joyda ham sotmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi bozorlarida savdo faoliyatini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-son qaroriga asosan tartibga solinadi. Uning 13-bandida bozor hududida obektlarni joylashtirishning tasdiqlangan sxemasidan tashqari qo‘shimcha savdo o‘rinlarini tashkil etish taqiqlanishi ko‘rsatilgan.

Bozor 470 sotuvchi uchun mo‘ljallangan. Uning ba'zi rastalari bo‘shligini ko‘rish mumkin.

Yem-xashak va don sotuvchilar hamma narsasini yerga to‘shab, istalgan joyda savdo qilishmoqda. 253-sonli qarorning 25-bandida bozor ma'muriyati sotuvchilarni qat'iy ajratilgan savdo o‘rinlari bo‘yicha joylashtirishi shartligi belgilangan.

Rastalarda joy bo‘lsa-da, don va dukkakli don mahsulotlarini sotuvchilar yerda o‘tirgan holda savdo bilan mashg‘ul. Bu ham yuqoridagi qarorning 25-bandiga zid.

Bozor hududida rastalar mavjud bo‘lishiga qaramay, tovarlar yerga qo‘yilgan holda sotilmoqda.

Dehqon bozori hududida ba'zi shart-sharoitlar bor. Ammo orqa tomoni juda ham abgor ahvolda. U yerda dehqonlar bozor hududiga kirmasdan, yerda o‘tirgan holda savdo qilishmoqda. 253-sonli qarorning 23-bandida sotuvchilar faqat bozor ma'muriyati tomonidan belgilangan joylardagina savdo qilishga majburligi ko‘rsatilgan.