Oktyabr oyida Adliya vazirligi va Maktabgacha ta'lim vazirligining qo‘shma ko‘rsatmasiga asosan Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani adliya bo‘limi tomonidan hududda joylashgan bir qator maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati o‘rganilgan. «Kun.uz» manbasi ma'lum qilishicha, tumanda joylashgan 8 va 9-maktabgacha ta'lim muassasalarida ba'zi kamchiliklarga duch kelingan. 

Vaziyat Adliya vazirligi xodimlari tomonidan o‘rganilganida, 9-maktabgacha ta'lim muassasasi binosida joylashgan vannada bir yosh bola uxlab yotgani aniqlangan. Bundan tashqari, muassasada yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda gaz so‘rgich moslamasidan  ham foydalanilayotgan bo‘lgan. 

Mazkur holatlar yuzasidan muassasa rahbaridan izoh oldik. Uning aytishicha, vannaning ichida uxlab yotgan bola bog‘cha tarbiyalanuvchisi emas, shu bog‘cha oshpazining nabirasidir. Oshpaz ayolning qizi shoshilinch ravishda shifoxonaga ketayotgani sababli o‘z farzandini onasiga qoldirgan. Bolaning uyqusi kelgach, mehribon buvi vanna ichiga yumshoq qilib to‘shak solib bergan.

 Gaz so‘rgich jihoz haqida berilgan savollarga esa muassasa rahbari shunday dedi: 

«Foydalanish uchun o‘tkazilgan simlar yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydi. Sababi ishxonada elektrik shtati mavjud emas va ajratilmagan. Shu bilan birga, bizga ta'mirlash va shu kabi zarur jihozlar uchun ham pul ajratilmaydi. Bir necha bor tegishli tashkilotlarga moddiy yordam so‘rab murojaat qilganmiz. Lekin pul ajratilmadi. Qo‘shimcha shtat ham. Ko‘p marta murojaatlarimizdan keyin elektrik keldi. U ham holatni ko‘rib zarur jihozlar uchun talab etiladigan xarajatni aytdi. Katta summa bo‘lar ekan. Byudjyetdan pul ajratilmasa, zarur ishlarimizni shunday qo‘lbola moslamada bitiryapmizda. Yonimizdan to‘lamaymiz-ku! Oyligimiz atigi 700 ming so‘m bo‘lsa. Tirikchiligimiz bor. Nima qilishimiz kerak edi? Kamchiliklarimizni ko‘ringlar. Juda ko‘p. Yordam beringlar deb bir necha bor so‘radik. Yordam berishmayapti». 
 
Shundan so‘ng, tegishli tashkilotlarga xabar qilishni boshladik. Birinchi bo‘lib Maktabgacha ta'lim vazirligiga qo‘ng‘iroq qildik. Maktabgacha ta'lim vazirligining matbuot xizmati sharhi quyidagicha bo‘ldi: 

«Hisobda ko‘rsatilmagan bolalarning maktabgacha ta'lim muassasalarida mavjudligi tizimdagi dolzarb muammolardan biri bo‘lib, Maktabgacha ta'lim vazirligi bunday qonun buzilishi holatlariga qarshi faol kurashib kelmoqda. Ammo bizga Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 9-sonli MTMda bunday holat bo‘yicha dalillar kelib tushmagan. Tekshiruvchi organlar tomonidan bunday holat aniqlangan taqdirda buni tasdiqlovchi foto-video materiallar tekshiruv xulosasi haqidagi hujjatda ko‘rsatilishi kerak edi. Shu bois, 9-sonli MTMdagi holat MTV tomonidan to‘la o‘rganilib chiqilmaguniga qadar xulosalar qilmaslikni, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabarlar kupayganligini hisobga olgan holda asossiz ayblovlarni ilgari surishdan qochishni so‘raymiz.