Angliya Premer Ligasining 11-tur o‘yinlarida futbolchilar qizg‘aldoq ramzi tushirilgan libosda harakat qilganliklariga e'tibor bergan bo‘lsangiz kerak.
«Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi Nemanya Matichning ushbu ramzdan bosh tortgani va buning sababini ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasida bayon qilgani futbol jamoatchiligining asosiy mavzulardan biriga aylandi. Bu harakatning nafaqat futbol chegarasida ekani, balki siyosiy, ijtimoiy ahamiyati ham turli munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Matich uchrashuv oldidan ushbu ramzning nima ma'noda kelishi haqida qiziqib ko‘rdi. Buning britaniyalik askarlar, jumladan, NATO operatsiyalarini bajarishda halok bo‘lganlarning ham xotirasiga bag‘ishlangan bir ramz ekanini bilgach, futbolchi qizg‘aldoqni libosiga taqishdan bosh tortdi.

Nemanyaning boshqalardan ajrab turganini media sezib qolgach esa, Instagramda bu borada o‘z pozitsiyasini ma'lum qildi.
«Men ushbu ramzni taqib yurgan insonlarning nega bunday qilayotganliklarini to‘liq tushunaman va ularning bu qarorlarini hurmat qilaman. Turli urushlarda o‘z yaqinlarini yo‘qotgan insonlarning har biri bilan hamdardman.
Ammo shaxsan men uchun bularning barchasi — Vrelo qishlog‘idagi 12 yoshli nigohlari qo‘rquvga to‘la bolakayning xotiralarini yodga soladi. 1999 yilda mening yurtimni bombalashdi. Shunday bo‘lsa ham, shu paytgacha men bu ramzni taqib yurgandim, ammo endi bunday qilishni istamayman.
Bu ramzning Britaniya uchun naqadar ahamiyatli ekanini qabul qilaman, lekin biz hammamiz, ma'lum bir tarbiya va o‘tmish mahsulimiz va bu mening qarorim. Sabablarini yuqorida tushuntirib o‘tdim.
Umid qilamanki, meni bunday qarorga kelishimga nima majbur qilganini bildingiz va sizlar ham meni tushuna olasizlar. Men esa, o‘z diqqatimni keyingi o‘yinlarga, jamoamga yordam berish uchun jamlayman», — deb yozdi 31 yoshli yarimhimoyachi.
U talab etilsa, «Manchester Yunayted»dan ketishga ham tayyorligini qo‘shimcha qilgan.
Aslida, bu boradagi ziddiyatlar faqat Matich bilan boshlanmagani, hatto FIFA ham o‘z vaqtida bu ramz tufayli ziddiyat keltirib chiqargani haqida ko‘pchilik bilmasa kerak. Xo‘sh, qizg‘aldoq ramzi nimani anglatadi o‘zi?





















