Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich 9-sentabr kuni mamlakatning bir palatali parlamenti - Xalq skupshchinasini tarqatish va muddatidan oldin parlament saylovlarini tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishini maʼlum qildi.
Vuchich RTS telekanali efirida ovoz berish 25-oktabr kuni boʻlib oʻtishini tasdiqladi. Uning soʻzlariga koʻra, saylovoldi kampaniyasi 46 kun davom etadi.
«Men Konstitutsiya va prezident toʻgʻrisidagi qonunga muvofiq ikkita qaror qabul qilishim kerak», - dedi Serbiya rahbari.
Hukmron Serbiya progressiv partiyasi (SNS) bosh qoʻmitasi esa saylovda ishtirok etadigan «Birlashgan Serbiya» roʻyxatiga Aleksandr Vuchich boshchilik qilishini maʼlum qildi. Agar ushbu siyosiy kuch saylovda gʻalaba qozonsa, Vuchich bosh vazir lavozimiga nomzod sifatida koʻrsatilishi rejalashtirilgan.
Vuchich prezidentlik lavozimini muddatidan oldin tark etishi mumkin
Aleksandr Vuchich iyun oyi oxirida yaqin kelajakda prezidentlik lavozimini muddatidan oldin tark etish rejasi borligini aytgan edi.
U Serbiyada 12 yildan beri hokimiyat tepasida. Vuchichning ikkinchi prezidentlik muddati 2027-yil oʻrtalarida yakunlanadi.
Serbiya Konstitutsiyasiga muvofiq, bir shaxs mamlakat prezidenti lavozimini ikki muddatdan ortiq egallashi mumkin emas.
Shu sababli Vuchichning muddatidan oldingi parlament saylovlarida hukmron siyosiy kuch roʻyxatiga boshchilik qilishi va keyinchalik bosh vazir lavozimiga daʼvogar boʻlishi uning siyosiy faoliyatida yangi bosqich boʻlishi mumkin.
Vuchich Ratko Mladichning dafn marosimi atrofidagi bahslarga munosabat bildirdi
Serbiya prezidenti, shuningdek, bosniyalik serblarning sobiq generali va harbiy jinoyatlarda aybdor deb topilgan Ratko Mladichning dafn marosimi ortidan yuzaga kelgan keskin munosabatlarga izoh berdi.
«Biz bularning barchasini kutgan edik», - dedi Vuchich.
Uning daʼvo qilishicha, dafn marosimi mintaqadagi ayrim kuchlar uchun «Serbiyadan va uning muvaffaqiyatlaridan qanchalik nafratlanishini namoyish qilish» uchun bahona boʻlgan.
Mladichning diniy dafn marosimida 300 dan ortiq pravoslav ruhoniylari, uning oila aʼzolari hamda Serbiya hukumatining koʻplab vakillari ishtirok etgan. KNA agentligi maʼlumotiga koʻra, marosimda Aleksandr Vuchichning oʻgʻli Danilo Vuchich ham koʻringan.
















