Majburiy obuna haqidagi o‘tgan safargi maqolaning so‘ngida uning davomini yozish va'da qilingan edi.

Tan olishim kerak, mazkur maqolam bosma matbuot nashrlarida ishlovchi ayrim hamkasblarning juda keskin qarshiligiga duchor bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda, Telegramdagi guruhlarda «talashdi».

«Tavba, shunday bir toifa jurnalistlar borki, matbuotni — bosma nashrlarni nima uchundir ich-ichidan yomon ko‘radi. Bilmadim, kimda qanday alamli o‘ylar bor, ammo, davlatning o‘zi bu borada liberal turgan pallada, hammasini jamoatchilik fikriga havola qilib turganda, matbuotchilar va internetchilarning urushi aka-ukani urishidek gap emasmi?» — deb yoziladi shunday izohlardan birida.

Yo‘q, biz bosma nashrlarni ich-ichimizdan yomon ko‘rmaymiz. Ko‘plab nashrlarga tahririyatning o‘zi ham obuna bo‘lgan. Gap shundaki, mushtariylarimizning biz bilan bog‘lanishi juda oson va biz imkon qadar ularning murojaatlarini bee'tibor qoldirmaslikka harakat qilamiz.

Ayni kunlarda KUN.UZ’ga kelayotgan murojaatlarning salmoqli qismini turli tashkilotlardagi obunaga majburlanayotgan kishilardan olmoqdamiz. Ularning aksariyatini byudjyetdan maosh olayotgan o‘qituvchilar va shifokorlar tashkil etishmoqda. Ular maoshlarining o‘zi istamaydigan nashrlar uchun ushlanib qolishayotganidan norozi! Shu sababli bunday vaziyat yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yayotgan, sabab bo‘layotgan omillarni umumiy baholagan holda yoritmoqdamiz, xolos.

Yangi asr tendensiyasi

Avvalo, shuni anglab yetish kerakki, yozma informatsiyadan vizual informatsiya tobora ustun bo‘lib bormoqda. Yozish — bu bir ma'lumotni kodlashtirish, degani. Uni o‘qiyotgan inson, kodni o‘qib yechishi, mushohada qilishi, tushunishi talab etiladi. Kinoteatrga «Urush va tinchlik» filmini ko‘raman, deb kelgan kishilarga ekranda kino emas, asarning muqaddimasidan boshlab matn taqdim etilsa nima bo‘ladi? Kinoteatrda necha kishi qoladi?

Bosma nashrlar, xususan ko‘pchilik gazetalarning ham qismati baribir shu bo‘ladi, va bu birgina mening fikrim emas. Butun jahonda tendensiya shunga qarab ketmoqda. Reklama hisobidan kun ko‘ruvchi jahonning millionlab tirajda chiquvchi yirik nashrlari reklama bozoridan chetda qolmoqda va sekin-asta yopilmoqda. Matbuotda reklama bozor onlayn nashrlarga ko‘chmoqda.

Jurnallar esa boshqa masala, ularni sifatli silliq qog‘ozda chop etib, informatsiya bilan bir qatorda yuqori sifatli fotosuratlar, kompakt disklar ilova qilib, yanada mazmunan boyitish mumkin. Shu sababli ularga talab hech qachon o‘lmaydi.