O‘zbekiston | 00:02 / 08.11.2018
95559
3 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot xodimlarining maoshi ikki bosqichda oshiriladi - Prezident qarori

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror matniga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish, samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, yuksak professional kadrlar salohiyatini shakllantirish maqsadida —

Davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash miqdorlari 2018 yil 1 dekabrdan — 1,2 baravar va 2019 yil 1 apreldan — 1,15 baravar bosqichma-bosqich oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda xalqaro tajribani o‘rganish asosida 2019 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha quyidagilarga yo‘naltirilgan takliflarni kiritadi:

  • davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining lavozimiga va malakasiga, ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning murakkablik va javobgarlik darajasi, shuningdek, davolash-profilaktika muassasalari ixtisosligiga qarab bazaviy lavozim maoshlarini joriy etish;
  • tibbiyot xodimlari faoliyatini va mehnati unumdorligini baholashning zamonaviy usullarini, shu jumladan, davolangan bemorlar elektron statistikasini bosqichma-bosqich tatbiq etish va bemorlar o‘rtasida onlayn so‘rovlar o‘tkazish orqali joriy etish;
  • tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tartibini tubdan qayta ko‘rib chiqish, ular bajaradigan ishlar sifati, erishiladigan natijalar va ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarga jamoatchilik tomonidan berilgan baholarga qarab ularga haq to‘lanishini ta'minlash;
  • tibbiyot muassasalari rahbarlariga alohida o‘rnak ko‘rsatgan vrachlarga Tibbiyot tashkilotlarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tarif stavkasining 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash huquqini berish.

Eslatib o‘tamiz, 11 noyabr kuni O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari kuni nishonlanadi. O‘zbekiston Respublikasining “Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi 2006 yil 12 sentabridagi Qonuniga ko‘ra, meditsina sohasi xodimlari kasb bayrami noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlanadi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid