O‘zbekiston | 10:28 / 08.11.2018
7633
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiya kengashi hamkorlik haqidagi kelishuvni imzoladi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevning Moskvaga tashrifi doirasida Senat va Rossiya Federatsiya kengashi o‘rtasida hamkorlik haqidagi kelishuv imzolandi

Foto: council.gov.ru

O‘zbekiston va Rossiya parlamentlari oliy palatalari rahbarlari kelishuv imzolangandan keyin bergan qo‘shma bayonotda hujjat parlamentlararo hamkorlikning huquqiy bazasini mustahkamlashini aytishgan. 

“Federatsiya kengashiga Oliy Majlis Senatidan hamkasblarimizning tashrif buyurishi parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga o‘zaro qat'iyatni tasdiqlaydi. Do‘stlik va o‘zaro hurmat an'analari – Rossiya va O‘zbekiston munosabatlari qurilayotgan poydevordir”, deb aytgan Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko.

Matviyenko Rossiya-O‘zbekiston parlamentlararo aloqalari oxirgi ikki yilda sezilarli faollashganini ta'kidlab o‘tgan. U xalqaro maydonlarda qonunchilik tashabbuslarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishni kuchaytirishni taklif qilgan. “O‘zbekistonlik hamkasblarimiz boshlanishi uchun MDH parlamentlararo assambleyasiga kuzatuvchilar sifatida qo‘shilishiga umid qilishni istardik”, deb aytgan Matviyenko.

Foto: council.gov.ru

O‘z navbatida, Nig‘matilla Yo‘ldoshev ikki davlat yetakchilari sa'y-harakatlari evaziga O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqdoshlik ko‘rinishini olganini ta'kidlab o‘tgan. Uning aytishicha, Rossiya bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni kengaytirish O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.  

Yo‘ldoshevning aytishicha, Rossiya bilan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalar darajasining sezilarli oshgani O‘zbekiston manfaatlariga javob beradi.

“Oliy Majlis Senati va Federatsiya kengashi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash vazifasi muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Toshkentda Rossiya-O‘zbekiston muloqotiga faol dinamika berish uchun o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga tayyorlar”, deb ta'kidlab o‘tgan Yo‘ldoshev. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid