Avstriya maxsus xizmatlari 20 yil davomida Rossiya foydasiga josuslik qilib kelgan armiya polkovnigini qo‘lga oldi. Bu haqda Avstriya mudofaa vazirligiga tayanib Kronen Zeitung nashri xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 1990-yillar oxiridan Rossiya harbiy razvedkasiga migratsion inqiroz, Avstriya harbiy aviatsiyasi va artilleriya tizimlari haqida ma'lumotlar yetkazib turgan avstriyalik 70 yoshli iste'fodagi polkovnikka nisbatan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Nashrning ma'lumot berishicha, u bu xizmati uchun 300 ming yevro atrofida pul olgan.
Xabarda ta'kidlanishicha, polkovnik har ikki haftada Rossiya maxsus xizmatlaridagi "Yuriy" ismli aloqachi bilan uchrashgan va unga maxfiy hujjatlarni taqdim etgan.
Avstriya prokuraturasi unga nisbatan xorijiy harbiy razvedkaga xizmat qilish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.















