Bugun Manchesterdagi «Etihad Stadium»da Angliya chempionatining eng keskin derbilaridan biri bo‘lib o‘tadi. Jamoalar tarixi, bugungi kunda egallab turgan o‘rnidan qat'i nazar, yana bir qarama-qarshilik borki, bu haqida alohida asarlar yozsa arziydi. Aslida bir maktabdan yetishib chiqqan bo‘lsa-da, futbolga bo‘lgan qarashidan tortib, uslub-falsafasigacha keskin farq qiladigan ikki buyuk murabbiy dueli. Pep Gvardiola va Joze Mourino!

Ha, adashmadingiz, aslida ikki mutaxassisning futbolga murabbiy ko‘zi bilan qarashi, shakllanishi bir insonga - Bobbi Robsonga va bir klubga - «Barselona»ga borib taqaladi. Joze Mourino 1993 yildan Portugaliyaning «Sporting», keyin «Portu» klubida bosh murabbiy Bobbi Robsonning tarjimoni bo‘lgan, keyinchalik angliyalik murabbiy uni murabbiy sifatida ham o‘ziga yordamchi qilib olgandi. Joze Bobbi Robson bilan birgalikda 1996 yilda «Barselona»ga keladi. O‘sha paytlarda Xosep Gvardiola futbolchi sifatida Kataloniya klubida o‘ynardi.

Robson iste'foga chiqarilgandan keyin ham, Mourino keyingi murabbiy Lui van Gaalning yordamchisi sifatida ishlay boshladi. Hatto balki ko‘pchilik bilmasligi mumkin, Lui Mourinoga ba'zi kichik turnirlarda «Barselona»ni mustaqil boshqarishga qo‘yib bergan. Masalan, 2000 yildagi Kataloniya kubogi turnirini Gvardiola sardorligidagi «Barselona» aynan Joze Mourino qo‘l ostida qo‘lga kiritgan. Ya'ni, yangi asrning ikki eng buyuk murabbiylari - Xose va Jozening ilk hamkorligi mana shunday boshlangan.

Keyinchalik, Joze Mourino mustaqil ish izlab Portugaliyaga ketdi, Pep Gvardiola esa, avvaliga Italiya chempionatida, «Breshiya» klubida futbolchi sifatida faoliyatini davom ettiradi, uzoq darbadarliklardan (u ma'lum vaqt Meksika chempionatida futbolchi va murabbiy sifatida tajriba to‘plagan) keyin yana «Barselona»ga qaytdi va klub tizimida mutaxassis sifatida ish boshladi.

Oradan yillar o‘tib, bu ikki shaxsning yo‘li kesishganda, har ikkisi ham bir ichki chempionatlardan tortib, Yevropa chempionlar Ligasida ham g‘alaba qozonib ulgurgan mashhur murabbiy edi.

INTeR - BARSeLONA (2009-2010)

2009/10 yilgi mavsumda Chempionlar Ligasining yarim finali. Amaldagi chempion, Yevropada eng zo‘r futbol ko‘rsatayotgan «Barselona» va Italiyadagi «Yuventus»dan bo‘shab qolgan o‘ringa ega chiqqan «Inter»... (aslida o‘sha mavsumdan oldinroq ham «Inter» va «Barselona» ikki marta o‘zaro o‘ynagan. Lekin bu o‘yinlar musobaqaning guruh bosqichida bo‘lgani uchun u qadar katta e'tibor qozonmagan).