DW xabariga koʻra, Zelenskiy 21-oktabr kuni jurnalistlar bilan onlayn muloqotda AQSH prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoffning soʻnggi uchrashuvlari haqida gapirgan.

«Bizga berilgan maʼlumotlardan tushunishimizcha, Rossiya jamoalarimiz darajasida uch tomonlama uchrashuvni qoʻllab-quvvatlamoqda. Amerika tomoni buni imkon qadar tezroq oʻtkazishni taklif qilyapti, biz ham buni qoʻllab-quvvatlaymiz», - degan Ukraina prezidenti.

Zelenskiyning fikricha, delegatsiyalar muzokaralarining asosiy maqsadi urushni tugatish va Ukraina, Rossiya hamda AQSH prezidentlari uchrashuvi uchun sharoit tayyorlash boʻladi. Biroq u buni oʻz tushunchasi sifatida bayon qilgan.

Ukraina rahbari Kiyev oʻt ochishni toʻxtatish, urushni yakunlash va energetika obyektlariga zarbalarni toʻxtatishga qaratilgan sulh takliflarini qoʻllab-quvvatlashini bildirgan.

Uchrashuv muddati boʻyicha esa tomonlarning bayonotlari farq qilmoqda. Zelenskiy aniq sanani bilmasligini, ammo muzokaralar noyabr boshidan kechikmay oʻtkazilishi kerak, deb hisoblashini aytgan. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov esa Uitkoff bilan muzokaralardan keyin uchrashuv noyabrning oʻninchi sanalari atrofida boʻlib oʻtishi mumkinligini bildirgan.

Stiven Uitkoff 20-oktabr kuni Osloda Zelenskiy va Ukrainaning yevropalik ittifoqchilari vakillari bilan uchrashgan. Ertasi kuni Sankt-Peterburgda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara oʻtkazgan.

AQSH maxsus vakili muhokamalarni «konstruktiv» deb baholab, ular AQSH, Rossiya va Ukraina oʻrtasida texnik darajadagi uch tomonlama muzokaralar shaklida davom ettirilishini maʼlum qilgan.

Uch davlat delegatsiyalari avval ham Abu-Dabida ikki marta yopiq muzokara oʻtkazgan. Birinchi bosqich 23–24-yanvar, ikkinchisi 4–5-fevral kunlari boʻlib oʻtgan.

5-fevralda Kiyev va Moskva navbatdagi asirlar almashinuvi boʻyicha kelishuvga erishgan. Biroq tomonlarning siljish haqidagi bayonotlariga qaramay, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish yoʻlida hal qiluvchi natijaga erishilmagan.