Afrika savanna fillari - quruqlikdagi eng yirik sutemizuvchilar. Ularni tik va oʻrmonli togʻ yonbagʻirlarida tasavvur qilish qiyin. Biroq A-Z Animals nashri xabariga koʻra, Tanzaniyada mingtagacha fil Udzungva togʻlariga koʻtarilib turadi.
Buning sababi ozuqa va suvning mavsumga qarab turli hududlarda oʻzgarishidir. Qariyb ikki ming metr balandlikda oʻsadigan bambuk qurgʻoqchilik paytida fillar uchun ishonchli ozuqa manbaiga aylangan. Togʻlardagi tabiiy tuzli joylar esa hayvonlarni zarur minerallar bilan taʼminlaydi.
Fillar oʻnlab yillar davomida koʻchish chogʻida Kilombero vodiysini kesib oʻtgan. Biroq bu hududda qariyb 50 yildan beri qishloq xoʻjaligi yerlari mavjud boʻlib, hayvonlarning harakat yoʻlini saqlash uchun mahalliy aholi bilan kelishishga toʻgʻri kelgan.
2025-yil aprelida Tanzaniya hukumati Nyerere - Udzungva yoʻlagini mamlakatdagi qonun bilan muhofaza qilinadigan birinchi yovvoyi tabiat koridori sifatida tasdiqlagan. Uning uzunligi taxminan 14 kilometr, eni esa 200 metrni tashkil etadi.
Yoʻlak Nyerere milliy bogʻi va Magombero oʻrmon qoʻriqxonasini Udzungva-Mauntins milliy bogʻi bilan bogʻlaydi. Bu hayvonlarga muhofaza etiladigan hududlar oʻrtasida harakatlanish imkonini beradi.
Loyiha ishlari 2023-yil noyabrida boshlangan. Janubiy Tanzaniya fillarini muhofaza qilish dasturi mutaxassislari hamkorlar bilan birga yoʻlak boʻylab 59 ta fototuzoq oʻrnatgan.
Dastlabki 15 oyda kameralar sutemizuvchilarning kamida 1440 marta oʻtishini qayd etgan. Shundan 529 tasi fillarga toʻgʻri kelgan. Yoʻlakdan buyvollar, servallar va asalxoʻr boʻrsiqlar ham foydalangan.
Loyihada ishtirok etgan 368 yer egasining har biri yoʻlak uchun 1000–2000 kvadrat metrdan yer ajratgan. Ularga jami qariyb 2,2 milliard Tanzaniya shillingi - taxminan 880 ming AQSH dollari miqdorida kompensatsiya berilgan.
Rasmiylar mahalliy aholi uchun yangi ish oʻrinlari yaratilishi, shuningdek, yoʻlakni saqlash bilan bogʻliq daromad keltiruvchi loyihalarda ishtirok etish imkoniyati paydo boʻlishini ham bildirgan.
Biroq tabiat himoyachilari boshqa hududlardagi hayvonlar koʻchish yoʻllarini ham muhofaza qilish zarurligini taʼkidlamoqda. Loyihada ishtirok etmagan Grumeti Fund vakili Jorj Loxayning fikricha, Tanzaniyaning boshqa qismlaridagi shunday yoʻlaklar ham huquqiy himoyaga muhtoj.

















