O‘zbekiston respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi Bekoboddagi 8-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida ro‘y bergan hodisani o‘rganmoqda. Vazirlik «Kun.uz»ga bergan ma'lumotga ko‘ra, ayni vaqtda ommaviy zaharlanish tufayli shifoxonaga olib kelinganlar soni 62 nafarga yetgan - 59 nafar tarbiyalanuvchi va bog‘chaning 3 nafar xodimi.

«9 noyabr kuni 17:15 dan 10 noyabr 16:00 ga qadar Bekobod tibbiyot birlashmasi infeksion kasalliklar bo‘limiga intoksikatsiya sindromi klinik alomatlari (diareyasiz) bo‘lgan «o‘tkir gastrit, gastroenterit» dastlabki tashxisi bilan 62 kishi yotqizilgan. Og‘ir holatlar qayd etilmagan. Bolalardan 7 nafarining ahvoli yengil darajada, qolganlarning sog‘ligi darajasi o‘rtacha og‘irlikni tashkil etmoqda», deyiladi xabarda.

Kasalxonaga yotqizilgan bolalardan va tarbiyachilardan bakteriologik tekshiruvlar uchun analizlar olingan hamda laboratoriyaga yuborilgan. Epidemiologik tekshiruvlar, shuningdek, bakteriologik tekshiruvlar natijasiga ko‘ra yakuniy tashxis beriladi.

Ayni vaqtda 20 kishiga javob berilgan. 11 noyabr kuni ahvoli yaxshilangan bolalarning navbatdagi qismi ham uyiga qaytishi mumkin.

Tekshiruvlar vaqtida ayon bo‘lishicha, maktabgacha ta'lim muassasasidagi sovutkich yaroqsiz holatda bo‘lgan. Hamshiralar tomonidan kunlik namunalar olinmagan. Bog‘chada sabzavotlar va ildizmevali o‘simliklarni tozalash va ishlov berish uchun alohida xona bo‘lmagan.

Bekobod hokimi bog‘cha uchun sovutkich xarid qilish bo‘yicha choralar ko‘radi.

Epidemiyaga qarshi choralarni muvofiqlashtirish va mahalliy mutaxassislarga metodik yordam berish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Epidemiologiya, mikrobiologiya va infeksion kasalliklar ITI direktori, professor N.Otabekov hamda respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi B.Almatov boshchiligidagi infeksionistlar va epidemiologlar guruhini jo‘natdi.

Ma'lumot uchun, Bekoboddagi 8-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi 280 o‘rinlik bo‘lib, bolalar 11 guruhga ajratilgan. Shundan 2ta guruh qisqa muddatli, yana 9ta guruhdagi bolalar esa 10,5 soat davomida bog‘chada bo‘lishadi. Jami 235 bola bog‘chaga qabul qilingan bo‘lib, 9 noyabr kuni ularning 205 nafari bog‘chaga kelgan.

Namunaviy muassasa 1980 yilda qurilgan, markazlashgan suv ta'minoti, tabiiy gazda ishlovchi o‘z qozonxonasi mavjud.

Bolalar 8 noyabr kuni quyidagi menyu bo‘yicha ovqatlanishgan: