Har yili kuz-qish mavsumi yaqinlashganida aholi va ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarda elektr ta'minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi.
Farg‘ona vodiysida joylashgan Andijon, Namangan, Farg‘ona O‘zbekistonning aholi eng zich istiqomat qiladigan viloyatlari bo‘lib, mazkur hududlardan bu masala juda dolzarbdir.
KUN.UZ tahririyatiga elektr ta'minotidagi kamchiliklar bo‘yicha kelayotgan murojaatlarning katta qismi ham uch viloyatga tegishli.
Xabaringiz bor, mintaqada elektr energiyasi tanqisligini bartaraf etish uchun Namangan viloyatida To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi (To‘raqo‘rg‘on IES) bunyod etilmoqda. Tahririyatga, aholi va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan kelayotgan murojaatlarda ham mazkur inshootning qachon ishga tushishi haqida so‘raladi.
Biz Namangan viloyatida barpo etilayotgan To‘raqo‘rg‘on IESga safar uyushtirib, yuqoridagi savolga javob izladik.
Inshoot haqida
2013 yilning 28 martida davlatimiz tomonidan qabul qilingan qarorga asosan loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan. Ayni paytda To‘raqo‘rg‘on tumanining keng adirliklaridagi 91 gektar maydonda mahobatli inshoot qurilishi olib borilmoqda.
To‘raqo‘rg‘on IES raqamlarda:
- Loyihaning amalga oshirish muddati - 2013-2020 yillar
- Loyihaning umumiy qiymati - 1 195,87 mln. AQSh dollari
IESdan kutilayotgan texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar:
- Elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati - yiliga 6,7 mlrd. kVt s
- Shartli yoqilg‘ini me'yoriy sarfi - 226,21 g/kVt s
- Tabiiy gaz sarfi - yiliga 1,3mlrd m3
- FIK(foydali ish koofisenti) - 57.4 foiz
“2016 yil 20 aprelda loyihani qurish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tenderda Yaponiyaning “Mitsubihi Corporation”, ”Mitsubishi Hitachi Power Systems” kompaniyalar konsorsiumi bosh pudratchi sifatida g‘olib, deb topilgan. 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab, Turkiyaning “Salik Enerji” yordamchi pudratchi kompaniyasi ham muhandis-texnik mutaxassislari bilan qurilish ishlarida ishtirok etmoqda. Mazkur kompaniyalar energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan sanaladi.

































