Tahririyatda «O‘zbekiston 24» telekanali muxbiri Mavjuda Mirzayevaning intervyusini e'lon qilish-qilmaslik to‘g‘risida uzoq bahs kechdi. Bir tarafdan intervyuda yirik OAV vakillari, hamkasblarimiz faoliyati tanqid ostiga olingani, «ichki oshxona sirlari» fosh qilinishi axloq me'yorlaridan chetga chiqish bo‘lsa, ikkinchi tomondan «Do‘stim men uchun qadrli, ammo haqiqat muhimroq» deyishadi.

Oxir-oqibat Mavjuda Mirzayevaning so‘zlari asosidagi mazmunan maqola va videolavhani tahririyat nuqtai-nazarini bildirmagan holda taqdim etishga qaror qildik. Mazkur maqola ortidan ikkinchi tomon ham o‘z munosabatini bildirish istagida bo‘lsa, albatta unga ham minbar beriladi.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

«Biz zamondan keskin orqada qolyapmiz»

– «O‘zbekiston 24» telekanali o‘z nomi va mavqei bo‘yicha mamlakatimizning eng tezkor va keng qamrovli axborot uzatuvchisi bo‘lishi kerak. Ammo amalda bu nomga loyiq ish ko‘rilmayapti. Biz axborot taqdim qilishda boshqalardan ancha kech qolyapmiz. Mana oddiy misol – Toshkent hokimligi tomonidan investorlar bilan keng qamrovli loyiha boshlandi. Unga ko‘ra, o‘zining biznes-rejalarini taqdim etgan va tasdiqdan o‘tgan investorlarga yer maydonlari berilishi rejalashtirilgandi. O‘sha g‘olib bo‘lgan investorlar aniqlandi. Ularga yer-maydoni tantanali ravishda topshiriladigan bo‘ldi. Men shu tadbirni yoritish maqsadida rahbariyatdan ruxsat so‘rashga kirsam, birinchi savol «Shu tadbir yoritilishi so‘ralgan xat bormi?» bo‘ldi. Endi o‘ylab ko‘ring, bu xatni kim jo‘natishi kerak? Hokimmi, investormi? Men xorijiy investorga borib, «Biz loyihangizni telekanalimizda yoritmoqchimiz, xat qilib bering» deya olamanmi? Xorijlik «Bu qanaqa yangilik izlash usuli?» deb hayron bo‘lmaydimi?

Eng muhimi – o‘sha xatni ham olib keldim deylik. U ma'muriyatga topshiriladi, bir necha kishi tasdiqlaydi. Shundan keyingina navbati bilan guruh shakllantirilib, joylarga chiqariladi. Axir ungacha har qanday tadbir o‘tib ketgan bo‘ladiku!? Ko‘pincha biz eskirgan axborotni tiqishtirishga urinyapmiz.