Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi Yangiarab qishlog‘ida joylashgan 23-maktabgacha ta'lim muassasasida bolalar sovuq xonalarda qalin kiyimlarini yechmay uxlashmoqda.

Turon24 muxbirlari ushbu bog‘chadagi holatni o‘rganishgan.

«Bog‘chamiz 120 o‘rinli. O‘tgan yili xonalar alohida temir pechkalarda, o‘tin va ko‘mirda isitilardi. Tumanda respublika ishchi guruhi faoliyat olib borganida bog‘chamizning isitish tizimini ham ta'mirlashga kiritishdi. Mana bir necha kun bo‘ldi, 4 ta isitish qozoni qurildi. Ular 6 ta xonani isityapti. Ammo hali ta'mirlash ishlari nihoyasiga yetmadi. Qozonxonaning tomini yopishimiz kerak», – degan bog‘cha mudirining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Saida Qo‘shoqova.

Maktabgacha ta'lim muassasasi hamshirasi Mohira Sultonova xonalardagi harorat 25 darajadan yuqori bo‘lishi kerakligini aytgan. Lekin uning nazoratidagi xonada termometr yo‘qligi uchun haroratni o‘lchashning imkoni bo‘lmagan. Tarbiyachi Farida Jo‘rayeva rahbarlik qilayotgan 2-katta guruh xonasiga esa ishlamaydigan termometr qo‘yilgan.

Mutasaddilarning ta'kidlashicha, xonalar issiq, bolalar sovqotmaydi.

Ammo xonalar yetarli darajada isitilmagani uchun ham tarbiyalanuvchilar qalin ust-boshda uxlashmoqda.

Saida Qo‘shoqova kuz-qish mavsumi uchun 20,5 tonna briket va 10 tonna ko‘mir olib kelingani haqida aytgan.

Ammo ko‘mirning sifati haqida biror nima deyolmasligini bildirgan.