Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrining «Qumbuz ovul» mahalla fuqarolar yig‘inida barpo etilgan ko‘p qavatli uylar, uylarning birinchi qavatida joylashgan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi va oilaviy poliklinika bilan tanishdi.
«Prezident Qoraqalpog‘iston Respublikasiga avvalgi tashrifi chog‘ida Nukus shahrida ijtimoiy obektlar, uy-joylar qurilishi loyihalari bilan tanishib, Koreya tajribasi asosida bolalar bog‘chasi, oilaviy poliklinikani ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida joylashtirish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi. Shu asosda shaharning Abdambetov ko‘chasida ana shunday loyihadagi 5 qavatli 10ta arzon uy qurildi. Ushbu uylardan ikkitasining birinchi qavatida «Navshe» nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi va oilaviy poliklinika tashkil etildi», deyiladi O‘zA xabarida.

16-uyning birinchi qavatida davlat-xususiy sheriklik asosida bunyod etilgan 50 o‘rinli «Navshe» nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasida shu yerda yashovchi aholi farzandlari tarbiyalanadi. Bog‘cha ertalab soat 8.00dan 18.30gacha ishlaydi. Bu ota-onalarga katta qulaylik yaratadi.
Muassasa bolalar ongini o‘stirishga ko‘maklashuvchi turli o‘yinchoqlar, metodik qo‘llanmalar bilan ta'minlangan. Ingliz tili, rus tili, shaxmat-shashka to‘garaklari tashkil etilgan. Bog‘cha ishga tushgach, 10 kishi ish bilan ta'minlandi.
Prezident maktabgacha ta'lim muassasasidagi sharoitlarni ko‘zdan kechirgan. Bog‘chalarning ko‘p qavatli uyning shundoq o‘zida joylashgani odamlarga farzandi ko‘z oldida, xavfsiz bo‘lishini, bundan maqsad avvalo aholiga qulaylik yaratish ekanini alohida ta'kidlagan.
Prezident shahardagi 8-oilaviy poliklinikaga ham bordi.

Bu poliklinika avval Nukus shahrining 26-kichik tumanidagi moslashtirilmagan binoda joylashgan bo‘lib, sharoiti og‘ir, tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun yetarli imkoniyat yo‘q edi. Aholiga tor soha mutaxassislariga ko‘rinish uchun ko‘p tarmoqli poliklinikalarga borishga majbur edi.
10-uyning birinchi qavatida barpo etilgan poliklinika hududdagi 8ta mahallaning 46 mingdan ortiq aholisiga xizmat ko‘rsatadi. 250 qatnovga mo‘ljallangan muassasada sifatli tibbiy xizmat uchun barcha sharoit yaratilgan, raqamli rentgen apparati, UTT, EKG, biokimyo analizatori kabi zarur tibbiy anjomlar bilan jihozlangan.















