2018 yil 17 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjyeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjyetlari hamda soliq va byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berishicha, majlisda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari — moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma'ruza qilgan.

Dastavval parlament quyi palatasining barcha qo‘mitalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi majlislarida ushbu masalaning dastlabki muhokamalari o‘tkazilgan edi.

Majlisda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim qilingan 2019 yilgi Byudjyetnoma O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tasdiqlangan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Byudjyet kodeksining 96-moddasi qoidalariga muvofiq ishlab chiqilib, parlamentga kiritilgan.

Mamlakatning bosh moliyaviy hujjatini taqdim etish amaliyotida birinchi marta 2019–2021 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari prognozi berildi. Unda fiskal ko‘rsatkichlarga ta'sir ko‘rsatuvchi asosiy tashqi va ichki omillar, 2019–2021 yillarga oid soliq-byudjyet siyosatining strategiyasi, 2019 yilga mo‘ljallangan va 2020–2021 yillarga prognoz qilingan fiskal xavflar, 2019–2021 yillarga mo‘ljallangan Davlat byudjyeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjyetlari parametrlari kabi masalalar o‘z aksini topgan. Iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta'minlashga, iqtisodiyot sektorlarining makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning yuqori sur'atlarda o‘sishiga erishishga, aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan investitsiyaviy jozibadorlik hamda ishchanlik muhitini oshirishga doir chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish nazarda tutilgan.

Majlisda qayd etilganidek, 2019 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda 5,4 foiz (2020 yilda 6,0 foiz, 2021 yilda 7,0 foiz) miqdorda bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 4,9 foiz, qurilishda 8,4 foiz, qishloq xo‘jaligida 3,3 foiz va xizmatlar sohasida 6,2 foiz ko‘payadi, asosiy kapitalga investitsiyalar 17,0 foiz, tovarlar va xizmatlar eksporti 15,5 foiz hamda import 6,3 foiz o‘sadi.