Qirg‘izistonning sobiq prezidenti, Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi (QSDP) raisi Almazbek Atamboyevning yaqinda televizion kanallardan biriga bergan intervyusi bo‘yicha 24.kg nashri eng yorqin jumlalarni saralab taqdim etdi.

Boylik haqida

Almazbek Atamboyev katta boylikka ega ekanini yashirmaydi. Unga asosiy daromadni Turkiyadagi biznesi keltirar edi. Sobiq prezidentning ma'lum qilishicha, 1999 yilda «Forum» sanoat guruhi byudjyetga o‘sha paytda «Kumtor» Qirg‘iziston YaIMning 20 foizini berganiga teng soliq to‘lagan. 

Sobiq davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, korxonalar prezidentlik yillarida ham unga tegishli bo‘lgan. Ulardan birini Atamboyev o‘tgan yili sotgan.

“2017 yilda men 100 emas, 111 million som ishlab oldim, korxonalarimdan birini sotdim”.

Almazbek Atamboyev

U shuningdek zavodlar, qo‘shma korxonalar, restoranlar va barlari borligi bilan ham maqtandi.

Koy-Toshdagi oilaviy mulki haqida

Koy-Toshdagi uchastkani Almazbek Atamboyevga Bishkekning sobiq meri Albek Ibraimov sotgan. U bu joyda Atamboyevning avlodlari yashaganini ta'kidlagan. QSDP yetakchisi yerning haqiqiy egasi haqida keyinroq, uy qurganda bilib oldi.

“Albek Ibrimov mendan uzr so‘ragan, ma'lum bo‘lishicha, bu yer uchastkasi “Doston”dan sotib olingan. Biroq bu vaqtga kelib men uyni qurib bo‘lgandim”.

Almazbek Atamboyev

Almazbek Atamboyevning so‘zlariga ko‘ra, u bir yilda 2 milliard som ishlagan va bunday uydan bir nechasini qurishga qurbi yetardi. “Meni shokka tushirgani: nima emish, men ham aksariyat boylarimiz kabi xorijda uylar sotib olib, Dubay, Turkiya, Angliyada villalar qurishim kerak ekanu, ota-bobolarim yashagan joyda uy qura olmas ekanman... Chunki bizda barcha rahbarlar, amaldorlar deklaratsiyaga ko‘ra uysiz. Aslida esa bor mol-mulki ularning turmush o‘rtoqlari, aka-ukalari, kuyovlari va boshqalar nomiga rasmiylashtirilgan”, - deydi u.