Kuni kecha AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Minsk kelishuvlari to‘liq bajarilmaguniga qadar AQSh ma'muriyati Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish yo‘lidan borishini ma'lum qildi. Ushbu sanksiyalarning Markaziy Osiyo davlatlariga, xususan, O‘zbekistonga qanday ta'siri bo‘ladi? Bu sanksiyalardan O‘zbekiston iqtisodiyotiga zarar yetishi ehtimoli qay darajada? «KUN.UZ» muxbiri Moskvadagi Karnegi markazi kolumnisti, siyosatshunos Rafael Sattorov bilan ushbu mavzuda suhbatlashdi.

— Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalar qanchalik jiddiy va ularning Rossiya iqtisodiyotiga ta'siri qay darajada bo‘ladi?

— Iqtisodiy va texnologik rivojlangan davlatlarning o‘zidan ortda turgan davlatga qarshi sanksiyalar kiritishi hamisha xavfli chorlov ekanligini tushunish darkor. Tarixda sanksiyalar ostidagi davlat bemalol rivojlanib, gullab-yashnagan holat bo‘lmagan. To‘g‘ri, Shimoliy Koreya va Eron kabi davlatlar kutilganidek inqirozga tushib qolmadi va sanksiyalar ulardagi rejimning qulashiga olib kelmadi. Bu rejimlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi alohida sohalarni barqaror ushlab kelmoqda, ammo bu mazkur davlatlar gullab-yashnayotganini bildirmaydi hamda AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan kiritilgan keskin cheklovlarga qaramasdan, ular xotirjam rivojlanishda davom etishiga hech kim kafolat bermaydi. Hattoki o‘z davrida jahonning ikkinchi o‘rindagi iqtisodiyoti bo‘lgan Sovet ittifoqi ham «Janob Reygan, barcha sanksiyalaringizga tupuramiz!» qabilidagi targ‘ibot ishlariga qaramasdan, kiritilgan sanksiyalarning salbiy ta'siridan qochib qutula olmagan. Shu bois, agar kimdir sanksiyalar xavfsiz desa, u yumshoq qilib aytganda, noto‘g‘ri fikrlaydigan va tarixni uncha yaxshi bilmaydigan odam bo‘ladi.

Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar uning iqtisodiy o‘sishiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, zero cheklovlar davlat qarzi bilan bog‘liq operatsiyalarga nisbatan joriy etilib, Rossiya iqtisodiyotining asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan energetika sohasiga zarba beradi. Buning ustiga, demokratlar ham, respublikachilar ham bu borada yakdil harakat qilmoqda. Shu yilning avgust oyida «NATOni kuchaytirish, xalqaro kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va Rossiya Federatsiyasiga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish» to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritilganida, bu qonun loyihasining tashabbuskorlari Robert Menendes (Nyu-Jyersi shtatidan, demokrat), Lindsi Grem (Janubiy Karolina shtatidan, respublikachi), marhum Jon Makkeyn (Arizona shtatidan, respublikachi, 2018 yil 25 avgustda vafot etgan), Kori Gardner (Kolorado shtatidan, respublikachi), Ben Kardin (Merilend shtatidan, demokrat), Jin Shaxin (Nyu-Hempshir shtatidan, demokrat) kabi Amerika siyosatining «nahanglari» bo‘lishgan. Qonun loyihasi hozircha qabul qilinmadi, aslida u oraliq saylovlar boshlanguniga qadar qabul qilinishi taxmin qilingandi. Saylovlar o‘tdi va ma'lumotlarga qaraganda, AQSh Kongressi Rossiyaga nisbatan keskin cheklovlarni o‘z ichiga olgan mazkur qonun loyihasini yil oxirigacha qabul qilishga ulgurmaydi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, Kongressda aksariyat o‘ringa ega bo‘lgan, Putinga nisbatan o‘ta salbiy nuqtai nazarda bo‘lgan demokratlar rojdestvo ta'tilidan so‘ng qonun loyihasini qabul qilishlari mumkin, bu esa Rossiya iqtisodiyotiga nisbatan darhaqiqat ulkan chorlov bo‘ladi.