Shu hafta «Dubai Cup» xalqaro musobaqasi bosh sovrinini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi navbatdagi xorij yig‘inini yanvar oyida Turkiyada o‘tkazadi, fevralda esa Ispaniyadagi xalqaro musobaqada qatnashadi. Bu haqda bugun Milliy olimpiya qo‘mitasida tashkil etilgan matbuot anjumanidan Tribuna.uz muxbiri xabar berdi.

Dubai Cup turniridagi g‘alaba munosabati bilan tashkil etilgan anjumanda MOQ bosh kotibi Jasur Matchanov, OTJ murabbiylari Ravshan Haydarov va Shuhrat Asadov, shuningdek, terma jamoa a'zolari Azizbek Omonov va Husniddin G‘ofurov ishtirok etdi.

«Olimpiya terma jamoasiga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan katta e'tibor berilyapti. 2020 yilgacha strategik reja ishlab chiqqanmiz. Yil boshidan buyon U-23 terma jamoasidan tashqari alohida yig‘inlar ham tashkil etib keldik.

Har bir yig‘inimizda psixolog ish olib boryapti. Ular yigitlarning ruhiy holati va xarakterini o‘rganishyapti. Jismoniy tarafdan qaysi yo‘nalishlarda ishlash kerakligi bo‘yicha alohida tavsiyalar ishlab chiqilgan. Ularni biz testlar orqali sinab ko‘ryapmiz. Bunda ilmiy guruhimiz ham katta ish olib bormoqda», dedi Haydarov.

«Dubaydagi musobaqada yaxshi jamoalarga qarshi o‘yinlar o‘tkazdik. Yaponiya, BAA va Kuvayt bilan o‘yinlarda tarkib shakllantirish ishlari olib borildi, hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni ko‘rib olish imkoni bo‘ldi. Jarayonni yutuq bilan davom ettirish yoqimli. Bu futbolchilarning ruhiy holati yaxshi bo‘lishiga yordam beradi», - deya qayd etdi OTJ bosh murabbiyi.

«Kelgusi rejalarimizga kelsak, 30 noyabrda Superliga va Pro-liga yakuniga yetgach, futbolchilarga bir hafta ta'til beramiz. 10 dekabrdan Toshkentda yig‘in boshlaymiz. Toshkentda yig‘in o‘tkazishimizning sababi – yigitlarni qanday ob-havo sharoiti bo‘lishidan qat'i nazar jismoniy jihatdan chiniqtirishdir.

Strategik rejamizning birinchi bosqichi 2019 yil mart oyigacha mo‘ljallangan. Osiyo chempionatining Toshkentda o‘tadigan saralash bosqichigacha bo‘lgan vaqtni kunma-kun rejalashtirib chiqqanmiz», - deya aytib o‘tdi Ravshan Haydarov.

Haydarovning ma'lum qilishicha, olimpiya terma jamoasi yanvar oyida Turkiyada yig‘in o‘tkazadi, oy oxirida Slovakiya va Ozarbayjon olimpiya termalari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil etiladi. Shuningdek, kuchli klublar bilan ham 4ta o‘yin o‘tkazish rejalashtirilgan.