«Tribuna» chorshanba oqshomida o‘tkazilgan YeChL o‘yinlari natijalarini keltirib o‘tadi. Bu o‘yinlardan keyin «Atletiko» «Portu», «Shalke» va Dortmundning «Borussiya» klublari ham keyingi bosqich masalasini hal qilgan jamoalar qatoriga qo‘shildi. O‘tgan mavsumda finalda o‘ynagan «Liverpul» esa bu mavsumda guruhda qolib ketishi mumkin.

«Atletiko» «Monako»ni qulatdi

A guruhi
«Atletiko» (Ispaniya) - «Monako» (Fransiya) - 2:0 (2:0)
Gollar: Koke, 2 (1:0). Grizmann, 24 (2:0).
Aniq ijro etilmagan penalti: Falkao, 83 (xato)
«Atletiko»: Oblak, Arias, Savich, Ernandez, Filipe Luis, Koke (Vitolo, 46), Ernandes, Partey, Lemar (Kalinich, 63), Korrea (Saul, 69), Grizmann.
«Monako»: Benalo, Byankon, B.Badiashile, Jyemerson, Radji, Shadli (Diop, 63), Massengo, Tilemans, Golovin (Tyuram-Yulen, 63), Silla (Falkao, 55), Gransir.
Ogohlantirishlar: Grizmann, 45. Tilemans, 54. Savich, 62. Byankon, 68. Partey, 86. Filipe Luis, 90+1.
Chetlatish: Savich, 82 (qo‘l bilan o‘yin, ikkinchi sariq kartochka).
Hakam: Gestranius (Finlyandiya).
28 noyabr. Madrid. «Vanda Metropolitano» stadioni

Bu mavsum «Monako» uchun barcha frontlarda juda muvaffaqiyatsiz kechmoqda. Ehtimol shu tufayli Terri Anri «Atletiko»ga qarshi o‘yinda tarkibni tubdan o‘zgartirgan va asosan yosh futbolchilarni maydonga tashlagandir. Lekin klubda Yevropa Ligasi uchun imkoniyat bor edi. Bir necha kun oldin «Monako» Fransiya chempionatida nihoyat g‘alabaga erishib, 12 uchrashuv davom etgan g‘alabasiz seriyasiga yakun yasagandi. Shundan so‘ng Anri Benjamin Xenrixs, Radamel Falkao, Sofyan Diop va Yusef Aita Bennasserni zaxira o‘rindig‘ida qoldirdi. Golovin yana asosiy tarkibda tushdi. 

Birinchi bo‘limda voqealar rivoji mantiqan davom etdi. 2:0 - «Atletiko» foydasiga. Madridliklar o‘yinni ishonch bilan nazorat qilishdi va raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Birinchi gol 87-soniyada Koke tomonidan urildi, bu gol «matraschilar»ning YeChL tarixida urgan eng tezkor goli, monegaskliklarning turnir tarixida o‘tkazgan eng tezkor goli bo‘ldi.