O‘zbekiston | 15:22 / 03.12.2018
8904
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tibbiy sug‘urta tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Koreya Respublikasi Milliy tibbiy sug‘urta xizmati prezidenti Kim Yeng Ik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, muloqotda sog‘liqni saqlash, jumladan, tibbiy sug‘urta sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga asosiy e'tibor qaratildi.

Alisher Shodmonov O‘zbekistonda 2025 yilgacha sohani rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya loyihasida ko‘plab yo‘nalishlar, jumladan, tibbiy sug‘urta sohasiga ham alohida urg‘u berilayotganini ta'kidladi. 2021 yildan boshlab majburiy tibbiy sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, bunda ko‘plab rivojlangan davlatlar qatori, Koreya Respublikasining tibbiy sug‘urta tizimini chuqur o‘rgangan holda, bu boradagi ijobiy tajribalarni yurtimizda ham tatbiq etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

O‘z navbatida, Kim Yeng Ik o‘zaro aloqalarning jadal rivojlanib borayotganidan mamnunligini bildirib, tibbiy sug‘urta sohasiga keng to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, Koreya Respublikasi milliy tibbiy sug‘urta tizimi va tibbiyotning rivojlanishi bo‘yicha dunyo miqyosida 4-o‘rinda turadi. 40 yillik tajribaga ega mamlakat tibbiy sug‘urta tizimi xalqaro tamoyillar asosida izchil takomillashib bormoqda. Shu sababdan u xalqaro talablarga to‘liq javob beradi va aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qiladi. 

Muloqot asnosida Koreya Respublikasining tibbiy sug‘urta tizimini bevosita o‘rganish va yutuqlarini mamlakatimizda tatbiq etish sog‘liqni saqlash tizimining takomillashuviga va aholi salomatligini samarali muhofaza qilish tizimini yaratishga xizmat qilishi e'tirof etildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Uchrashuv so‘nggida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Koreya Respublikasi Milliy tibbiy sug‘urta xizmati o‘rtasida tibbiy sug‘urta tizimini joriy qilishda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid