Ish joylarida ayrim xodimlarga nisbatan «o‘lik jon» («myortvaya dusha») iborasi qo‘llaniladi. Bu shunday xodimki, u bilan mehnat shartnomasi tuziladi, oylik ish haqi to‘lanadi, ammo ishda ko‘rinish bermaydi. Aslida, uning ko‘rinishi ham shart emas: hammasi qog‘ozda «tekislanib» ketiladi. Albatta, ish beruvchining «og‘zini moylash» orqali buni amalga oshirish mumkin. Yoki ish beruvchi mo‘may daromadni o‘zlashtirish uchun shunday ishga qo‘l uradi.

Bandlikka ko‘mak beruvchi markazda «o‘lik jonlar» bor.

Kun.uz muxbiriga ma'lum bo‘lishicha, Shayxontohur tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazida shunday xodimlar noqonuniy ravishda ishlab kelgan.

Markaz xodimlarining shu yili 20 avgustda prokuraturaga yozgan arizasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Shayxontohur tuman bo‘limi o‘tkazgan tekshiruvlarda, haqiqatdan ham «o‘lik jonlar» mavjudligi aniqlangan. Ya'ni, markaz rahbari D.S. o‘z xizmat vazifalarini bajarmagan uch nafar xodimga ishda bo‘lmagan kunlari uchun tabelga soxta ma'lumotlar kiritib, oylik ish haqi to‘lab, jami 6 million 189 ming so‘m miqdordagi byudjyet mablag‘larini rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

D.S. ning ushbu harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «​g»​ bandi (Aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan takroran talon-toroj qilish) va 209-moddasi 1-qismida (Mansab soxtakorligi, ya'ni davlat organi mansabdor shaxsining g‘arazgo‘ylik yoki boshqa manfaatlarni ko‘zlab rasmiy hujjatlarga bila turib soxta ma'lumotlar va yozuvlar kiritish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi, lekin tergovga qadar tekshiruv jarayonida D.S. tuman prokurori nomiga ariza bilan murojaat qilib, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, keltirilgan zararni to‘liq bartaraf qilganligi, shu sababli uning ayblilik masalasini hal qilmay turib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini rad etish so‘raganligini inobatga olib, «​o‘lik jonlar»​ga oid holat yuzasidan surishtiruv harakatlari JPKning 84-moddasi 5-qismi 2-bandiga muvofiq, jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilish bilan yakunlangan.

Tuman prokuraturasining qonunbuzilishi holatlariga shart-sharoit yaratib bergan shaxslarga nisbatan chora ko‘rish yuzasidan kiritgan taqdimnomasiga asosan Bandlik va mehnat munosabatlari Toshkent shahar Bosh boshqarmasi tomonidan D.S. ga hayfsan e'lon qilingan.

«O‘lik jonlar» nima maqsadda ishga olingan edi?

Surishtiruv davomida D.S.ning aytishicha, tuman hokimligi tomonidan unga Shayxontohur tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga tumandagi 18-okrugdagi ijtimoiy-maishiy masalalarni boshqarish vazifasi yuklangan, shuning uchun u ishlarni yolg‘iz uddalashga jismoniy tarafdan kuchi yetmagan, «o‘lik jonlar»ni markaz xodimlari sifatida rasmiylashtirgan va aslida ular 18-okrug faoliyatiga oid ishlar bilan shug‘ullangan.