Jahon | 17:05 / 04.12.2018
7645
2 daqiqa o‘qiladi

Brexit mashmashasi. NYT Tereza Mey nimaga duch kelishi mumkinligini ma'lum qildi

Foto: AP

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey Brexit kelishuvi bo‘yicha britaniyalik qonunchilar muvaffaqiyatsiz ovoz berishsa, o‘z o‘rnini yo‘qotishi mumkin. Bu haqda The New York Times yozmoqda.

Britaniyaning Yevropa ittifoqi (YeI)dan chiqishi bo‘yicha parlamentdagi ovoz berish jarayoni 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Britaniya parlamentida tashvish va xavotir paydo bo‘lgan, sababi agar Tereza Mey, tahlilchilar kutayotganidek, parlamentariylarni o‘zining YeI bilan kelishuv bo‘yicha rejasiga ishontira olmasa, ehtimoliy siyosiy inqiroz yuzaga kelishi mumkin. Endi savol Tereza Mey qanday yo‘qotishga uchrashida emas, balki mamlakat qanday miqyosdagi inqiroz girdobiga tushib qolishi mumkinligidadir, deb yozadi gazeta. 

NYT’ning bildirishicha, agar Britaniya bosh vaziri dekabr oyidagi ovoz berish jarayonida yutqazsa, bu ham Mey, ham butun mamlakat uchun juda muhim pallaga aylanadi. Jiddiy mag‘lubiyat bosh vazirni o‘z kelishuvidan voz kechishga undashi mumkin. Shundan so‘ng, u hokimiyat uchun qattiq kurashga ham duch kelishi ehtimoli bor, yakunda esa Dauning-stritdagi kursisidan ayrilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniyada leyboristlar Meyga ishonchsizlik votumi bilan tahdid qilishgani xabar berilgandi.

Buyuk Britaniya parlamentining Leyboristlar partiyasidan a'zosi Keyr Starmer so‘zlariga ko‘ra, partiya mamlakat bosh vaziri Tereza Meyga ishonchsizlik votumi bildirishi mumkin. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Britaniya parlamenti Meyning Brexit bo‘yicha kelishuvini qabul qilmasa, leyboristlar «bu qadamga» boradi.

Mavzuga oid