Sport | 11:07 / 07.12.2018
6791
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish uchun yangi fond tashkil etish taklif qilindi

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida futbolni rivojlantirish uchun yangi fond tashkil etish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

“Umid” jamg‘armasi bir vaqtlar iqtidorli yoshlarni qo‘llab, ularning xorijda tahsil olishi uchun imkoniyat yaratib bergan edi. Shu tajribani futbolda qo‘llashni taklif qilish kerak. Futbol tarbiyalanuvchilari orasidan eng iqtidorlilarini 5-10 yillik shartnoma asosida hozirda mashhur bo‘lgan Yevropa futbol akademiyalarida davlat granti asosida tarbiyalash uchun yuborish lozim, deyiladi murojaatda.

Qayd etilishicha, bunda O‘FA tomonidan maxsus fond tuzilib, u orqali moliyalashtirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Har bir tarbiyalanuvchi O‘FA bilan shartnoma imzolaydi va O‘FA kelajakda tarbiyalanuvchi uchun sarflangan pulni bir necha barobar qilib qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

“Yevropa futbol akademiyalaridan murabbiy olib kelgandan ko‘ra, tarbiyalanuvchilarni Yevropa “havosi” bilan to‘yintirgan ma'qul. Akademiyada uning raqibi Messi yoki Dembelega o‘xshagan iqtidorlar bo‘lishadi. Aytaylik, har yili 10 nafardan o‘smirni futbol akademiyalariga yuborib, xarajat qilishni boshlasak, 10 yildan so‘ng bu ishlar o‘zining mevasini beradi. Agar 100 tarbiyalanuvchidan 5 nafari yuqori natijaga erishsa, bu ham moddiy tomondan o‘zini oqlaydi, ham o‘zbek futboli rivoji uchun muhim qadam bo‘ladi. Hozirda bizda qisqa muddatli loyihalar bor, yosh futbolchilarimiz 1-2 oy xorijiy akademiyalarda tajriba almashib qaytmoqda. Shu loyihalarni uzoq muddatli qilib, bolalar futbolini qo‘llab-quvvatlasak, kelajakda o‘zining ijobiy natijalarini beradi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Mavzuga oid