Darhaqiqat, shumxabar yashin tezligida tarqaydi. Kecha ko‘plab internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatidagi “Mingbuloqneft” hududida nimadir gumburlagani haqida turfa yangiliklar berildi. Viloyatning ikki-uchta tumanlarida yashovchi aholi aynan Mingbuloq tumani tomonidan vahimali ovoz kelganini eshitgan.

Namangancha paradoks. Gumburlashni eshitganlar ovoz haqidagi xabarlarni yolg‘onga chiqarishdi, ovoz qayerdan chiqqani sirligicha qolmoqda

Andijon viloyati Ulug‘nor tumanining “Cho‘lobod” va “Bo‘ston” mahallalari qo‘shni viloyatning Mingbuloq tumani bilan chegaradosh. Mazkur hududdan neft konigacha bo‘lgan masofa 4–5 kilometrni tashkil etadi. Ikki mahalla aholi vakillari ham gumburlashni eshitishganini, lekin uning aynan “Mingbuloqneft” tomonidan kelganini aniq aytisha olishmadi.

Bu holatga oydinlik kiritish maqsadida, “Andijonneft” hissadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Mansurbek Davlatovga murojaat qildik. Mutasaddi neft koniga borib, ish jarayoni va u yerdagi holat bilan tanishishimiz mumkinligini aytdi.

Biz “Andijonneft” va Xitoyning “CNODC” kompaniyasi ta'sischiligida tashkil etilgan “Mingbuloqneft” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasidamiz. Mazkur qo‘shma korxona Mingbuloq konida qidiruv ishlarini amalga oshirish va neft qazib chiqarish maqsadida tashkil qilingan.

O‘quvchilar uchun qiziqarli ma'lumot: Shu kungacha olib borilgan burg‘ilash ishlari davomida 5918 metr quduq kavlanib, ikkita obektda neft va gaz borligi aniqlangan. Ayni paytda uchinchi obektning mahsuldorligini aniqlash jarayoni ketmoqda.