Bugun, 25-sentabr kuni Samarqanddagi shaxmat olimpiadasida 9-tur bahslari oʻtkaziladi.

Oʻzbekistonning asosiy jamoasi 8-turda Germaniya bilan bahsda 1,5-2,5 hisobida yutqazib qoʻydi.

Nemislarning asosiy shaxmatchisi Mattias Blyubaumga qarshi dona surgan Javohir Sindarov ishonchli gʻalabaga erishgandi. Ammo keyingi doskalardagi Shamsiddin Vohidov va Nodirbek Yoqubboyev oʻz partiyalarini yutqazishdi. Shamsiddin Rasmus Svanega qarshi bahsda tashabbusga egalik qilib turganida qoʻpol xatoga (big blunder) yoʻl qoʻydi va oʻyin oxirigacha yomon vaziyatdan chiqib keta olmadi. Yoqubboyev esa Frederik Svanega qarshi bahsda yurishlarga juda koʻp vaqt sarflab qoldi va yakunda seytnotga tushib qolib (vaqt yetmay qoldi), taslim boʻldi. Holbuki Oʻzbekiston asosiy jamoasi aʼzolari shu vaqtgacha biror partiyada yutqazmay kelayotgandi.

Birinchi doskada Nodirbek Abdusattorov qiyin vaziyatda qolganiga qaramay, Vinsent Keymer bilan durang oʻynadi, ammo bu umumiy natijaga taʼsir qila olmadi.

Bu turda boshqa juftliklarning ayrimlarida Oʻzbekiston uchun kerakli hisoblar qayd etildi: gʻoliblik uchun favoritlardan biri boʻlgan Hindiston Ozarbayjon bilan bahsda ochko yoʻqotdi (2:2), Armaniston va Niderlandiya bahsida ham durang natija qayd etildi. Shu bilan birga, AQSH, Xitoy va Fransiya oʻz uchrashuvlarida gʻalaba qozondi.

Oʻzaro uchrashuvdagi gʻalaba evaziga Germaniya ochkolar soni boʻyicha Oʻzbekistonga yetib oldi (14 tadan) va faqat qoʻshimcha koʻrsatkichlar evaziga ikkinchi oʻrinda joylashgan.

Yana sakkizta jamoa, jumladan, Oʻzbekiston-2 jamoasi ham 13 tadan ochkoga ega.

Turnir davomida Ispaniyani magʻlub etgan va Fransiya bilan durang oʻynagan Oʻzbekiston-2 jamoasi 8-turda Angliyadan ustun keldi va 10-oʻringa koʻtarildi.

photo_2026-09-24_21-51-13

Inglizlarga qarshi bahsda dastlabki uchta partiya durang bilan yakunlandi: Jahongir Vohidov Maykl Adams bilan, Abdimalik Abdisalimov Gaveyn Jons bilan, Muhammadzohid Suyarov esa Lyuk Maksheyn bilan ochkolarni boʻlishib oldi.

Humoyun Begmuratov Daniel Fernandesni magʻlub etish orqali jamoaga muhim gʻalaba keltirdi – 2,5:1,5.

Oʻzbekiston-3 jamoasi Shveysariyaga 1:3 hisobida yutqazdi. Saidakbar Saydaliyev va Almas Rahmatullayev mos ravishda Sebastyan Bogner hamda Li Min Penga imkoniyatni boy berdi, Bahrom Bahrillayev va Muhammadali Abdurahmonov oʻz bahslarini durang bilan yakunladi.