«O‘zbektelekom» va umuman, soha mutasaddilarining O‘zbekistonda internet ravnaqi yo‘lidagi sa'y-harakatlari yaxshi qarshilanmadi. Va'daga muvofiq, internet tezligi 10 baravar tezlashishi xalq intiqib kutgan o‘zgarishlardan biri bo‘lishi lozim edi. Amalda nimalar yuz bermoqda?
30 noyabr kuni «O‘zekspomarkaz»da Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «O‘zbektelekom» AK tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekiston Respublikasi prezidenti topshirig‘i bo‘yicha AKT sohasida topshiriqlarni amalga oshirish ketma-ketligi» hisobot anjumani bo‘lib o‘tdi.
«O‘zbektelekom» AK tomonidan «Xalqaro paketli kommutatsiya markazlari va ma'lumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish» loyihasi doirasida Xalqaro paketli kommutatsiya markazi komplekslari modernizatsiya qilindi va shundan keyin XPKM komplekslarining umumiy o‘tkazish qobiliyati 10 marta: o‘zgartirilgan trafigi 110 Gbit/s.dan 1200 Gbit/s.gacha o‘sdi. Kompaniya tarif rejalarda e'lon qilingan tezlikni kafolatlab, 2018 yil 1 dekabrdan boshlab yangi kafolatlangan cheksiz tarif rejalarini ishga tushirishini aytgandi.
Video: Tasi-IX
Video: You Tube
Kun.uz'ning Telegram-kanalida o‘tkazilgan va 28 mingga yaqin kishi ovoz bergan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 74 foizi (20 mingdan ortiq kishi) internet tezligida o‘zgarishni umuman his etmaganini bildirgan, faqat 3 foizi (723 kishi) jiddiy va ijobiy o‘zgarish yuz berganiga ishonishini aytgan, 10 foiz respondent (3 ming) esa qanchadir miqdorda sifat oshganini e'tirof etgan.

Toshkent shahrida Internet qoplamasi hududlarga nisbatan ancha yuqori va sifatli bo‘lishini inobatga olib, Kun.uz so‘rovnomasini poytaxt ko‘chalarida ham davom ettirdik.
«Men his etmadim, to‘g‘risini aytaman», - deydi respondentlardan biri.
So‘rovnoma ishtirokchilardan biri aksiga olib ijtimoiy tarmoqlardagi uzilishni davomiy bo‘lib qolganini eslagan.















