O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 dekabr - Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan, soha vakillariga tabrik yo‘lladi.

«Qadrli vatandoshlar! Muhtaram dehqon va fermerlar!

Avvalo, barchangizni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu va samimiy tilaklarimni bildirishga ruxsat etgaysiz.

O‘z ishining mohir ustasi bo‘lgan siz, azizlarning fidokorona mehnatingiz samarasini har kuni o‘z dasturxonida ko‘radigan xalqimiz bu yilgi mavsum qanday og‘ir va murakkab kechganini yaxshi biladi. Haqiqatan ham, tabiat injiqliklari – bahorning quruq kelgani, kutilmagan jala va bo‘ronlar, yoz faslidagi kuchli suv tanqisligi, jazirama issiq, turli hasharot va kasalliklar ekin-tikinlarga katta xavf tug‘dirgani, kuzda esa yog‘in-sochinlarning barvaqt boshlangani mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi xodimlarini yana bir bor jiddiy sinovdan o‘tkazdi. 

Joriy mavsum oxirlab, yil natijalari sarhisob qilinayotgan mana shu qutlug‘ ayyomda sizlarga, barcha qishloq ahliga ana shunday olijanob mehnatingiz uchun o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan katta rahmatlar aytib, chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.

Aziz do‘stlarim, vatandoshlarim! Sizlarni yana bir bor Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan chin dildan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, ishlaringizga yangi-yangi yutuqlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Umringizdan, mehnatingizdan baraka toping! Kirib kelayotgan yangi – 2019 yilda hosilimiz yanada mo‘l bo‘lsin! Qabul qilayotgan barcha reja va dasturlarimiz ijobat bo‘lsin!», - deyiladi tabrik matnida.

Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan fuqarolardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Ko‘p yillik fidokorona mehnati bilan mamlakatimizning iqtisodiy qudrati va eksport salohiyatini yanada mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi sohasi rivojini yangi bosqichga ko‘tarish va uni kompleks modernizatsiya qilish, sohaga innovatsion texnologiyalar, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini, klaster tizimini keng joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, barcha turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori va sifatli hosil yetishtirib, el-yurt farovonligini yuksaltirish, dasturxonlarimiz to‘kinligini ta'minlashga qo‘shgan munosib hissasi, agrar sektorda islohotlarni, davlat dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash borasidagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilar faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandilar: