Ma'lumki, telekanallar orqali xalqimiz sevib tomosha qiladigan ko‘rsatuvlardan tortib, badiiy film-u seriallargacha, deyarli barchasida tijorat reklamalari namoyish etiladi.
To‘g‘ri-da, ko‘rsatuv va filmlarni tayyorlash va tomoshabin e'tiboriga havola etish efir ortidagi mashaqqatli mehnat va juda ko‘p miqdorda xarajatlar evaziga amalga oshiriladi. Ushbu xarajatlar o‘sha sizu biz unchalik yoqtirmaydigan reklamalar keltiradigan daromad hisobidan qoplanishi hech kimga sir emas.
Biroq, televideniye orqali reklama berish tartibi haqida hamma ham yetarli ma'lumotga ega bo‘lavermasa kerak.
«Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 17-moddasiga ko‘ra, (televideniye va radiodagi reklama) teleradiotashkilotlar uchun reklamaga ajratilgan ko‘rsatuv vaqti ko‘rsatuvning har bir soatiga 10 foizdan, ya'ni 6 daqiqadan oshib ketmasligi kerak.
Shunga ko‘ra, 45 daqiqadan ortiq davom etadigan konsert-tomosha va sport dasturlari, kino- va telefilmlar reklama uchun to‘liq 45 daqiqalik vaqt oralig‘ida ko‘pi bilan bir marta uzib qo‘yilishi mumkin. Vaholanki, telekanallar orqali efirga uzatilayotgan o‘rtacha 45-50 daqiqalik teleserial orasida eng kamida 3 marta, har birining davomiyligi 3-5 daqiqa bo‘lgan reklama e'lonlari joylashtiriladi.
10 daqiqadan kam davom etadigan teleko‘rsatuvlarga umuman reklama joylashtirilishi mumkin emas. 10 daqiqadan ortiq davom etadigan teleko‘rsatuvlarga esa bu teleko‘rsatuvlarning mualliflik huquqi egasi bilan kelishmasdan turib reklama joylashtirilishi mumkin emas.
Davlat anjumanlari va marosimlari olib ko‘rsatilayotgan paytda uni uzib turib reklamani ko‘rsatish taqiqlanadi.
Bolalar davrasiga (o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lganlarga) mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarda reklama qo‘yish mumkin emas.
Biroq, amalda bunga to‘liq rioya etilmayotgan holatlar ham uchrab turibdi.
Masalan, faqat bolalar uchun mo‘ljallangan, «Yoshlar» teleradiokanali» huzuridagi «Bolajon» telekanali orqali reklama e'lonlari efirga uzatilmoqda.





















