Barcha ta'lim olish huquqiga ega. O‘zbekistonda ham bu qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Qolaversa, bugungi kunda, ta'lim tizimini yanada rivojlantirish maqsadida qator islohotlar olib borilmoqda. Ammo O‘zbekistonning ayrim hududlarida ta'lim tizimi bilan bog‘liq noxush holatlar ham saqlanib qolmoqda. Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan navbatdagi murojaat maktabdagi qoniqarsiz sharoitlar haqida.

Murojaat mazmuniga ko‘ra, Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanidagi Tarnov qishlog‘ida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari 1950-yillarda masjid sifatida barpo etilgan, ayni paytda avariyaviy holatga tushib qolgan binoning ikkita xonasida ta'lim olishmoqda.

30-maktabning filiali sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur binoda 1-4 sinflarning jami 61 nafar o‘quvchisi o‘qishmoqda. Bino o‘tin va ko‘mir yordamida isitiladi. O‘quvchilar bosh kiyimlarini yechmasdan o‘tirishibdi. Davomat yaxshi.

Asosiy maktabgacha bo‘lgan eng yaqin yo‘l roppa-rosa 2,5 kilometrni tashkil etadi. Qishloqning yuqori sinf o‘quvchilari «Pichoqchi» mahallasidagi ikki qavatli zamonaviy binoda ta'lim olishadi.

30-o‘rta maktab direktori Abdurahmon Asrorovning aytishicha, maktabning asosiy binosi ham ta'mirga muhtoj. Sobiq ittifoq davrida qurilishi boshlangan bino 1998 yili hashar yo‘li bilan bitkazilgan. Ayni paytda 640 o‘rinli maktabda 491 o‘quvchi bir smenada ta'lim olmoqda. Ayrim sinfxonalarda pol qilinmay qolib ketgan. Elektr tizimi montaji ham ta'mirga muhtoj.
Maktabning asosiy binosi ham, «Tarnov» mahallasidagi filiali ham 2019 yilgi davlat dasturiga tushgan, deb aytdi maktab direktori.
Tas-IX
YouTube





















