2017 yili Osiyo chempioni, 2018 yilda esa Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan Isroil Madrimovning professional boksga o‘tishi ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi.

U noyabr o‘rtalarida bizga tanish o‘sha «Mir boksa» bilan shartnoma tuzganini e'lon qildi-yu, shu oyning o‘zidayoq ilk jangini o‘tkazishga ulgurdi. O‘tkazganda ham, debyutdayoq kamar uchun ringga chiqdi va meksikalik kuchli raqib Vladimir Ernandesni (10-2, 6KO) ikkinchi raunddayoq nokdaun holatiga tushirdi, 6-raundda esa nokautga uchratdi.

So‘nggi vaqtlarda o‘ndan ortiq o‘zbek bokschisi ketma-ket va ommaviy tarzda professional darajaga ko‘tarilayotganini kuzatib, bunga o‘rganib ham borayotgan o‘zbek boksi ishqibozi hali bunaqasini tasavvur qilib ko‘rmagan edi. Xo‘sh, Isroil qanday qilib ilk jangidayoq kamarga da'vogar bo‘lishning uddasidan chiqdi? U 23 yoshidayoq havaskor boksni tark etdimi? Osiyo o‘yinlari tarixida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori sifatida oltin medal olgan ilk sportchi Tokio Olimpiadasiga bormaydimi? Hali biroz erta emasmidimi yoki bunday kutilmagan qarorga kelishining biz bilmagan sabablari bormi? 

Muxlislarda bunday savollar ko‘p edi. Shu sababli Madrimov ta'til uchun O‘zbekistonga kelganini eshitiboq u bilan suhbat uyushtirish harakatiga tushdik.

Video: Tas-IX

Video: You tube

«Birinchi jangdanoq katta tavakkal qildik. Klubimiz, murabbiylarimiz bilan maslahatlashib, tarixda bo‘lmagan ishni qilamiz, degan qarorga keldik. O‘yindan oldin, ayniqsa tarozidan o‘tgandan keyin juda qattiq hayajon bo‘ldi», - deya ilk jangi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Madrimov.

- Xorazmdan bokschilar kam chiqadi, eng taniqlisi siz bo‘ldingiz...

- Kam bo‘lsa-da, Xorazmdan ham nomdor  bokschilar chiqqan. Masalan, Temir Ibragimov – professionallar o‘rtasida jahon chempioni. Alisher Rahimov bor. Shunday nomdor bokschilar ham yo‘q emas. O‘zim ham shu qatorga qo‘shilishga harakat qilyapman.